Har bir kitob uchun 3 kun: yuzlab kitob o‘qib, muddatdan avval ozodlikka chiqish mumkinmi?
Jazoni o‘tash muassasasida o‘tgan har bir kun mahkum uchun og‘ir sinov. Ammo, endi bu kunlar ma’naviy o‘zgarish, bilim va umid bilan qisqarishi mumkin. Qonunchilikdagi yangilik mahkumlarga kitob mutolaasi orqali jazo muddatini kamaytirish imkonini berdi.
Joriy yil 15 yanvarda Prezidentimiz tomonidan imzolangan qonunga binoan, Jinoyat kodeksining 73-moddasiga o‘zgartirishlar kiritildi. Hujjatga muvofiq, mahkumlar ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidan kitoblar o‘qishi shart.
Tartib qanday yo‘lga qo‘yildi?
Yaqinda qonun ijrosini tashkil qilish tartibi tasdiqlandi. Aniqrog‘i, joriy yil 12 iyun kuni qabul qilingan “Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning jazoni o‘tash davrida to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, talabgorning jazo muddati har bir o‘qigan kitobi uchun uch kunga qisqartiriladi. Biroq bu imtiyozning chegarasi ham belgilangan. Mahkum bir yil davomida ko‘pi bilan 30 kunlik qisqartirish huquqidan foydalanishi mumkin. Buning uchun u o‘qigan kitoblari bo‘yicha test sinovlarini topshirishi talab etiladi.
Imtihon bir yilda ikki marta o‘tkaziladi. Har bir adabiyot bo‘yicha 25 ta test savoli shakllantiriladi va har bir savol uchun ikki daqiqadan vaqt ajratiladi.
Qanday baholanadi?
Maxsus dastur orqali tashkil etiladigan testlar 100 ballik tizim asosida baholanadi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 4 ball beriladi.
Agar talabgor muayyan adabiyot bo‘yicha 70 yoki undan yuqori ball to‘plasa, testni muvaffaqiyatli topshirgan deb hisoblanadi.
Mahkumning test sinovi topshirishini nazorat qilib borish va natijalarini xulosa asosida tasdiqlash uchun muassasalarda muassasa xodimlari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tashkil etiladi.
Komissiya tarkibi 7 nafar a’zo, komissiya raisi va kotibdan iborat bo‘ladi.
Komissiya tarkibiga muassasa xodimlari, hududiy faol jamoatchilik vakillari, jumladan, Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat tashkilotlarining hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan vakillari kiradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur yangilik jazoning tarbiyaviy ahamiyatini yanada kuchaytiradi. Kitob mutolaasi insonning dunyoqarashini kengaytiradi, xatolarini anglashga va jamiyatga qayta moslashishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, takroriy jinoyatlarning oldini olishga yordam beradi.
Yoqubjon MARQAYeV.