Elektr hisoblagich aholi iste’molchilari uchun bepul
Endi elektr hisoblagich sotib olish, o‘rnatish va qiyoslovdan o‘tkazish hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hisobidan amalga oshiriladi.
Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi 838-son qarorida ana shular nazarda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan "Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari"ning 52-bandiga muvofiq barcha maishiy (aholi) iste’molchilarning elektr energiyasi hisoblagichlarini sotib olish, o‘rnatish, ro‘yxatga olish, davriy davlat qiyoslovidan o‘tkazish va plombalash (shu jumladan, induksion) hududiy elektr tarmoqlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ilgari ushbu norma faqat elektr hisoblagichlarni nazorat qilish avtomatik turiga ulanadigan, zamonaviy hisoblagichlarga taalluqli edi.
Shu munosabat bilan iste’molchilar tegishli xabarnomani olganlaridan so‘ng kelgusi qiyoslov xizmati uchun to‘lovni amalga oshirmagan bo‘lsalar, ularni elektr energiyasi uchun to‘lovni belgilangan quvvat bo‘yicha to‘lashga o‘tkazish to‘g‘risidagi qoidaning 125-bandi o‘z kuchini yo‘qotdi.
Endi o‘g‘irlangan yoki zarar yetkazilgan hisoblagichni kim tiklaydi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Hisoblagich o‘g‘irlangan yoki unga zarar yetkazilgan hollarda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan "Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari"ning 98-bandi qo‘llaniladi. Ya’ni, elektr energiyasini hisobga olish asboblari zinapoya maydonchalarida o‘rnatilgan taqdirda ularning saqlanishi va butligi uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati hamda tasarrufida uy-joy bo‘lgan idora, tashkilot javob beradi. Zinapoya maydonchalarida o‘rnatilgan elektr energiyasini hisobga olish asboblariga zarar yetkazilganda yoki o‘g‘irlangan taqdirda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va idora, tashkilot ularni o‘z hisobidan tiklashi shart.
Xonadon ichida o‘rnatilgan hisoblagichni tiklash iste’molchining majburiyati ekanligi borasida, ya’ni ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlar va xususiy xonadonlar ichida o‘rnatilgan elektr hisobga olish asboblarining saqlanishi va butligi uchun iste’molchi javob beradi.
Dilshod NURULLAYEV, "O‘zdavenergonazorat"
inspeksiyasi Samarqand hududiy bo‘limi inspektori.