Elektr va gazning narxi nima sababdan oshyapti?
2024 yilning 16 aprelda Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarining joriy etilishining qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 apreldan boshlab energetika sohasi, jumladan, elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovlari bo‘yicha narxlar oshdi. Bunga asosiy sabab, keyingi marta aholi uchun tariflar 2019 yil 1 avgustdan boshlab oshgan bo‘lib, 1 kubometr tabiiy gaz va 1 kilovat elektr energiyasi uchun bozor narxidan bir necha bor arzon holda to‘lab kelinayotgan edi. Maishiy iste’molchilarning yetishmayotgan summalari esa davlat mablag‘lari hisobidan qoplanib kelingan. Natijada byudjetda yetishmovchilik paydo bo‘ldi. Mana shu subsidiyalash tizimi orqali sohani modernizatsiya qilish ajratilishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar yillar davomida soha korxonalarini dotatsiyadan chiqarish va moliyaviy taqchilligini qoplashga yo‘naltirilib kelingan.
- Mazkur qarorga muvofiq, yoqilg‘i-energetika resurslarini 2024-2025 yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari qabul qilindi, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand filiali direktori o‘rinbosari Alijon Norqobilov. - Joriy yilning may oyidan boshlab, aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning 1 oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi. Demak, elektr energiyasining 1 oylik bazaviy me’yori 200 kilovat soat, tabiiy gaz uchun esa isitishi mavsumida 500 kubometr, boshqa mavsumda 100 kubometrni tashkil etadi.
Isitish mavsumi iqlim holatidan kelib chiqib belgilanmoqda. Bu mavsum Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 5 oy, ya’ni oktyabr-fevral oylarida, boshqa viloyatlarda esa noyabr-fevral, ya’ni 4 oyni tashkil etadi. Isitishdan tashqari mavsum Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmda mart-sentyabr, boshqa viloyatlarda mart-oktyabr oylarini qamrab oladi.
Qarorga muvofiq, aholiga sotilayotgan suyultirilgan gazning 1 kilogrammi uchun to‘lov 1600 so‘m qilib belgilanyapti. 2024 yilning 1 iyuldan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun 1 kubometr tabiiy gaz narxi 1800 qilib belgilanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda 1 maydan boshlab metan shoxobchalarda narxlar oshishi haqidagi gap-so‘zlar asossiz. Chunki Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 martida qabul qilgan 173-sonli qaroriga ko‘ra, joriy yilning 1 iyuligacha metan “zapravka”larda sotiladigan 1 kubometr gazning narxi 3350 so‘m qilib qat’iy belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 2025 yilning 1 aprelidan boshlab, elektr energiyasi iste’molining 1 oylik to‘lovida yana o‘zgarishlar bo‘ladi. Shuningdek, aholi 1 maydan boshlab energoresurslar uchun ijtimoiy norma asosida tabaqalashtirilgan tartibda haq to‘lashga o‘tadi. O‘tish davrida aholini moddiy qiyinchilikdan himoya qilish maqsadida ijtimoiy norma ham kiritilyapti. Bu norma elektr energiyasi uchun 200 kilovat-soat, tabiiy gaz uchun 100 kubometr qilib belgilandi. Isitish mavsumida tabiiy gazning ijtimoiy normasi 500 kubometrgacha ko‘tariladi.
Yana bir gap. Joriy yilning 1 maygacha hisob-raqam to‘ldirib qo‘yilsa, 2 oy mobaynida eski tarif amal qiladi. Ya’ni, Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, energoresurslar uchun oldindan pul to‘lab qo‘ygan iste’molchilar tarif o‘zgargan taqdirda ham 2 oy davomida eski tarif bo‘yicha hisob-kitob qilinadi. Biroq, maishiy iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra, 2 oydan ko‘p bo‘lmagan muddat uchun elektr energiyasidan foydalanish haqini oldindan to‘lab qo‘yishi mumkin va bunda tarif o‘zgarsa ham qiymat qayta hisob-kitob qilinmaydi. Xuddi shunday me’yor «Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari»da ham belgilab qo‘yilgan. Unda tariflar o‘zgargan hollarda tabiiy gaz hajmi uchun avans tariqasida to‘lovni amalga oshirgan iste’molchi 2 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirishdan ozod qilinishi qayd etilgan. Ammo qarzdor yoki may oyining boshidayoq shaxsiy hisob raqamida mablag‘i tugab, yangi to‘lovni amalga oshirishga majbur bo‘lgan abonentlar uchun tarif o‘zgaradi hamda ular tegishli tartibda yangi tarif bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.