Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi
Prezidentning "Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori bilan Energetika vazirligi huzurida davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan 357 shtat birligidan iborat Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (O‘zenergoinspeksiya) tashkil etildi.
Quyidagilar O‘zenergoinspeksiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi:
- yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarish (qazib chiqarish), qayta ishlash, uzatish (tashish), taqsimlash va iste’mol qilish, ularning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini ta’minlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
- bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan hamda tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan yoqilg‘i-energiya resurslari hajmi o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash va bartaraf etish;
- yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) energetika ob’yektlarida baxtsiz hodisalar va texnologik buzilishlar (avariyalar)ning oldini olish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va uning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini hamda energiya samarador va energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, energiya resurslarini iste’mol qilish samaradorligining monitoringini olib borish;
- yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha iste’molchilar (aholidan tashqari) tomonidan bajariladigan chora-tadbirlarning energiya samaradorligini baholash, shuningdek, mahsulot birligini ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish) uchun yoqilg‘i-energiya resurslari iste’molining me’yorlari bajarilishi va kelgusida takomillashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.