Gaz va elektr narxi nega oshib bormoqda?
Joriy yilning 1 iyunidan boshlab tabiiy va suyultirilgan gaz hamda elektr energiyasi uchun iste’mol to‘lovlari qimmatlashadi.
Aholi oshgan narxlarda to‘lovlarni amalga oshirishni boshlaydi. Tabiiyki, bu ikki resursning narxi ko‘tarilishi mamlakatdagi inflyasiya darajasiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Bilamizki, eng zaruriy ehtiyojlardan bo‘lgan tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasining narxlari ko‘tarilsa, aholi chapak chalib kutib olmaydi.
Bu iste’molchining cho‘ntagiga jiddiy ta’sir etishi turgan gap. Shunday ekan, tegishli vazirliklar narxlar oshirilishini e’lon qilish bilan birga, narxning ko‘tarilishiga ta’sir qilgan omillar haqida hisobot berib o‘tishi shart.
Iqtisodchi mutaxassislarning fikricha, gaz va elektr narxlarining ko‘tarilishiga quyidagi omillar ta’sir qilishi mumkin.
- Ish haqining oshishi. Chunki tabiiy gaz va elektr energiyaning tan narxiga tizimda ishlovchi xodimlarning maoshi kiritilgan bo‘ladi.
- “O‘ztransgaz” va “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatlari olayotgan dividentlari hisobiga narxlar oshirilishi mumkin. Biroq bu 1 yanvar holatiga ko‘ra amalga oshiriladi. Hozirda esa, 1 iyun sanasida narxlar ko‘tarilmoqda.
- Aholiga sotilayotgan tabiiy gaz va elektr energiyani belgilashda yuqorida aytilganidek, tan narxidan kelib chiqiladi. Mahsulot tan narxiga esa uni ishlab chiqarish xarajatlari, ya’ni, jahon bozoridagi xom ashyo, neft narxining oshishi ta’sir qilishi mumkin.
1 iyun sanasidan ko‘tarilayotgan narxga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida”gi 897-sonli qarori ro‘kach qilinmoqda. Demak, Vazirlar Mahkamasi 5 oy avval jahon bozoridagi narxlarni taxmin qilgan holda narxlarni oshirishni mo‘ljallaganmi?
Bu orada jahon bozoridagi xom ashyo narxlari tushishi ham mumkin edi-ku? Agar bizda aholi iste’moliga qaratilgan tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlarining jahon bozoridagi kurslarga aloqasi bo‘lsa, nega narxlar tushganda, bizda hech qanday o‘zgarish kuzatilmaydi?
So‘nggi 30 yil ichida qachon tabiiy gaz va elektr energiya narxlari arzonlashishi kuzatildi?
Anora Sodiqova,
O‘zA muxbiri.