Elektr ta’minoti mutasaddilarining jamoatchilikka munosabati shumi?
Yoki tizimda O‘zLiDeP deputatlik guruhiga axborot berishga mas’ul topilmayotgani xususida ayrim qaydlar
Avvalo, partiyaning Samarqand shahar Kengashidagi deputatlik guruhi haqida qisqacha to‘xtalsak. Guruhdagi 11 nafar deputat yil davomida 142 ta deputatlik so‘rovlari yuborgan.
Bundan tashqari, xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashidagi doimiy komissiyalar muhokamasiga 9 ta masala kiritilgan. Kengash sessiyalariga 4 ta masala chiqarilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.
Albatta, deputatlik eshituvlari partiya guruhi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri. Bu borada o‘tgan yilda 12 marta eshituv tashkil qilingan. Jumladan, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi, Samarqand shahar gaz ta’minoti boshliqlari, "Samarqand suv ta’minoti" MChJ shahar bo‘limi, “Maroqand obod” DUK direktori kabi mansabdor shaxslarning hisobotlari tinglangan.
Eshituvlar davomida shaharda sohalar kesimida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha tegishli fikr va takliflar bildirilgan.
O‘z navbatida ishiga sovuqqon munosabatda bo‘lgan rahbarlar faoliyatiga huquqiy baho berish uchun Kengash raisi va yuqori turuvchi tashkiloti rahbarlariga rasmiy murojaat qilindi.
Jumladan, bir necha marta taklif etilganiga qaramasdan deputatlik eshituvlarida shaxsan ishtirok etmaganligi uchun Samarqand shahar sanitariya-epideomologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi rahbari D.Normurodova xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi tomonidan ogohlantirildi.
Shaharda elektr ta’minoti va uskuna (simyog‘och va transformator)larning holati hamda uni yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar masalasi deputatlik guruhining ish rejasiga kiritilgandi. Masala yuzasidan axborot berish uchun Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i A.Mutalibovga 01/24-raqamli xat bilan murojaat qildik. Biroq A.Mutalibov noma’lum sabablarga ko‘ra yig‘ilishda ishtirok etmadi, deputatlik guruhi a’zolari masalani muhokama qilishni navbatdagi yig‘ilishga qoldirishga kelishdi. Bu haqda A.Mutalibovga 01/39-sonli rasmiy xat bilan murojaat qilindi. Afsuski, u navbatdagi yig‘ilishga ham kelmadi.
Shu sabab Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘ining xatti-harakati yuzasidan 2023 yil 5 dekabr kuni “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati rahbariga rasmiy xat yubordik.
Yuborilgan javob xatiga ko‘ra, A.Mutalibov Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan.
Qiziq, Mutalibov ishdan bo‘shatilgan bo‘lsa, korxona rahbarsiz qoldimi? Biz kimningdir shaxsiyati bilan emas, sohada olib borilgan ishlar bilan qiziqyapmizku, axir. Bundan aholi, iste’molchilar manfaatdor.
Vaziyat xaspo‘shlanayotgani sababini tizimda o‘zgarishlar sust bo‘layotgani, bu haqda xalq vakillariga axborot berish imkonsizligi, deb tushunish kerakmi?..
Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi.