“Eng yaxshi biznes loyiha” ko‘rik-tanlovining Samarqand viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi
O’zLiDePning Samarqand viloyat Kengashi 2023 yilda hamkor tashkilotlar ishtirokida 416 ta o‘quv-seminarlar, uchrashuv va davra suhbatlari hamda ommaviy xayriya tadbirlari tashkil etilib, ularda 18690 nafar xotin-qizlar ishtirok etdi.
Ushbu tadbirlar ayni paytda o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda. Hozirda partiya a’zoligiga qabul qilingan tadbirkorlik va fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan xotin-qizlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, kasanachilikni rivojlantirish yo‘lida partiya qator hamkor tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Jumladan, o‘tgan yili birgina “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida 50 ga yaqin tadbir tashkil etilib, 1483 nafar xotin-qizlarning ishtiroki ta’minlandi. Loyiha doirasida o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan xotin-qizlarning 19 nafariga tijorat banklaridan 421 mln. so‘m miqdorida kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. "Ayollar daftari"ga kiritilgan 27 nafar xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish barobarida ish bilan band bo‘lmagan ayollar tikuvchilik sohasi bo‘yicha o‘qitilib, o‘quv kurslarini muvafaqqiyatli yakunlagan xotin-qizlarga sertifikatlar berildi.
Bugun o‘tkazilgan tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham O’zLiDePning ayollar tadbirkorligi faoliyatini oshirish borasidagi dasturiy vazifalar, tadbirkorlik, fermerlik, kasanachilik va hunarmandchilik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga o‘z ishlarini yo‘lga qo‘yishda ham nazariy, ham amaliy jihatdan yaqindan ko‘maklashish hamda ularga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyoz va pereferensiyalar asosida kredit olish bilan bog‘liq masalalarda amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat.
Shuningdek, tanlov davomida Samarqand viloyatida kichik biznes, tadbirkorlik va servis sohasini rivojlantirishda faol xotin-qizlarning biznes loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot yakunida hakamlar hay’ati tomonidan eng faol, eng yaxshi biznes loyihalar saralab olinib, g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.
Ko‘rik-tanlov yakuniy xulosasiga ko‘ra, birinchi o‘rinni Samarqand shahridagi tikuvchi Shamsiya O‘rinova, ikkinchi o‘rinni paxtachilik Sitora Fayzullayeva, uchinchi o‘rinni esa qo‘shrabotlik Dilrabo Arziqulova qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, barcha ishtirokchilarga viloyat Kengashining diplomi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Marhabo Cho‘liyeva.