Er yuzini eng kuchli magnit bo‘roni qoplashi mumkin
Bugun, 11 may kuni keyingi 20 yil ichida birinchi marta Quyoshdagi bir qator kuchli chaqnashlardan so‘ng Yerni eng yuqori darajadagi magnit bo‘roni qoplashi kutilmoqda.
Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Koinot tadqiqotlari instituti Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi rahbari Sergey Bogachevga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.
«Uch kun davomida Quyoshdan sayyoramiz tomon to‘rtta juda katta plazma buluti harakatlandi. Ulardan ba’zilari yo‘lda kattaroq ob’yektga birlashadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugun tongda Yer magnit maydoniga tushadi», deydi Sergey Bogachev.
Olimning qo‘shimcha qilishicha, Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi Quyoshda yangi katta chaqnash – X3.9 sinfi ham qayd etilgan bo‘lib, bu so‘nggi 25 yil ichida to‘rtinchi kuchli chaqnash hisoblanadi.
Mazkur xabarlar fonida Gidrometeorologiya sohasi mutaxassisi Erkin Abdulahadov ham Telegram'dagi kanalida 11 may kuni tushda 8 ballik geomagnit qo‘zg‘alishlar bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qilgan.
«Olmaota ionasfera institutiga ko‘ra, ayni damda 3 ballik magnit bo‘roni kuzatilmoqda. Bu «o‘ta kuchsiz» qo‘zg‘alish hisoblanadi», degan Erkin Abdulahadov.
O‘zbekistonlik mutaxassis ham Quyoshning 3664-sonli dog‘ida bir nechta M va X sinfga mansub Quyosh chaqnashlari sodir bo‘lgani va undan ajralgan plazma to‘g‘ri Yerga tomon oqib kelayotgani aytib o‘tgan.
Unga ko‘ra, 11 may kunidan boshlab, 12 may tushga qadar Yerning magnitosferasi yuqori plazmani qabul qilishi hamda buning fonida sayyorada 11 may tushga yaqin 8 ballik kuchli geomagnit bo‘roni kuzatilishini prognoz qilgan.