SSV: Yerda kuchli magnit bo‘ronlari kuzatilmoqda. Bundan qanday himoyalanish kerak?
Xalqaro meteorologlarning ogohlantirishicha, 30-31 iyul va 1 avgust kunlari sayyoramizda 4-7 ballik davomli geomagnit bo‘ronlari kuzatilishi kutilmoqda. Xususan, bugun tunda magnit bo‘ronining 7 ballik kuchli qo‘zg‘alishi prognoz qilingan.
🔎 Mazkur tabiat hodisasi aloqa, elektr tarmoqlari, navigatsiya tizimi bilan birga, inson salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xo‘sh buning oldini olish uchun qanday yo‘l tutish lozim?
🔽 Sog‘liqni saqlash vazirligi bu borada quyidagi tavsiyalarni beradi:
♻️ Kuchli magnit bo‘roni chog‘ida arterial gipertoniya xastaligi bor odamlarda qon bosimi ko‘tarilishi, gipotenziv bemorlarning qon bosimi pasayishi, qandli diabet bilan og‘riyotgan kishilarning esa qonida qand miqdori ortishi mumkin.
📉 Bu holat organizmda tashqi stresslarga chidamlilikni ta’minlaydigan melatonin moddasi ishlab chiqarilishining kamayishi bilan izohlanadi.
📌 Oqibatda asab tizimi bilan bog‘liq muammosi bor insonlarda gormonlar ishlab chiqarilishi kuchayib, asabiylik, holsizlik, reaksiya susayishi yoki kuchayishi belgilari yuzaga keladi.
🩺 Qolaversa, magnit bo‘roni bronxial astma bilan og‘rigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan.
🗣 O‘z navbatida, magnit bo‘ronlari payti ba’zi odamlarda yorug‘lik va baland tovushlarga og‘riqli reaksiya, uyqusizlik yoki aksincha uyquchanlik paydo bo‘ladi.
🥙 Shunday ekan, bunday vaziyatda, avvalo, ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratish va ko‘proq suyuqlik ichish lozim.
🍎🍐 Ho‘l mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini ko‘p bo‘lgan ne’matlardan iste’mol qilish zarur.
🚫 Magnit bo‘roni kuzatiladigan kunlarda spirtli va energetik ichimliklardan butunlay voz kechish hamda yog‘li, achchiq, sho‘r taomlar iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi. Chunki tuz qon bosimi oshishiga sabab bo‘ladi.
🫖 Tinchlantiruvchi xususiyatga ega choylardan ichish ham maqsadga muvofiq. O‘z navbatida, mutaxassislar ortiqcha zo‘riqtiruvchi ishlar va mashg‘ulotlar bilan vaqtincha shug‘ullanmaslikni maslahat berishadi.
💊 Surunkali kasalliklarga chalinganlar esa o‘zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.
🚿 Kun davomida bir necha marta dush qabul qilish ham katta foyda beradi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.