Magnit bo‘ronlari nima? Uning yer yuziga qanday ta’siri bor?

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 1-11 may kunlari Quyosh yuzasida sodir bo‘layotgan portlashlar tufayli yer yuzini magnit to‘lqinlari qoplab olishi haqidagi ma’lumotlar ko‘payib qoldi.

Uning salbiy ta’siri esa surunkali kasalligi bo‘lgan bemorlar, keksalar, hattoki, radio-telefon aloqalariga ham borligi ko‘pchilikni hayron qoldirmoqda. Nahotki, ko‘zga ko‘rinmas galaktika nurlari insoniyatga shu qadar zarar keltirsa? Quyosh energiyasiga bo‘lgan sezgirlik, avvalo, inson tanasidagi o‘zgarishlar aniqrog‘i, markaziy asab tizimini ishdan chiqarishi haqida gaplar to‘g‘risi, ko‘pchilikni qo‘rqitmay qo‘ymaydi.

- Geomagnit bo‘ronlar – bu quyosh shamoli zarbali to‘lqini yoki magnit  bulutining ta’siri natijasida Yer magnitosferasining vaqtinchalik buzilishi hisoblanadi, - deydi Samarqand davlat universiteti huzuridagi muhandislik fizikasi instituti direktori o‘rinbosari Zavqiddin Mirtoshev. -  Magnitli bo‘ronlar quyosh shamolining o‘zgarishi natijasida yuzaga kelib, Yer magnitosferasidagi oqimlar, plazmalar va maydonlarda katta o‘zgarishlarga olib keladi. Eng katta geomagnit bo‘ronlari Quyoshdan muntazam ravishda otilib chiqib turadigan bir necha milliard tonna magnitlangan plazmaning ulkan bulutlari bilan bog‘liq. Ular odatda Yerga bir necha kunda yetib kelishi mumkin, lekin ayrim kuchli bo‘ronlarning 18 soat ichida yetib kelishi kuzatilgan.

Bo‘ronlarni yuqori tezlikdagi Quyosh shamoli oqimi ham keltirib chiqaradi. Ular oldindagi sekinroq oqimga kirib borib, birgalikda aylanadigan o‘zaro ta’sir hududlarini yaratadi.

- Geomagnit bo‘ronlari sun’iy yo‘ldoshlar va Yerdagi ulkan aloqa va elektr energiya uzatish tizimlariga, shuningdek, inson hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xavfli kosmik ob-havo hodisalarini keltirib chiqaradi, - deydi Z.Mirtoshev. - Biz hozir nanoelektronika va kosmik texnologiyalar asrida yashar ekanmiz, kosmik ob-havo monitoringini va ularni oldindan bashorat qilish usullarini ishlab chiqish juda muhim hisoblanadi. Dunyo bo‘ylab ob-havoni bashorat qilishning bir qator kosmik dasturlari mavjud.

SamDU muhandislik fizikasi instituti yadro fizikasi va astronomiya kafedrasida ham kosmik ob-havo va geomagnit bo‘ronlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Hozirgi kunda 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan «Koronal massa tashlanmalarining kosmik ob-havoga ta’siri» mavzusidagi O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma ilmiy loyihasi doirasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Xo‘sh, yuqori ultrabinafsha nurlari salomatlik uchun nimasi bilan xavfli bo‘ladi? Undan qanday himoyalanish kerak?

Gelio sezgirlik bu organizmning, asosan markaziy asab va yurak-qon tomir tizimining o‘sha magnit bo‘ronlariga nisbatan turli darajadagi quvvat reaksiyasidir. Ushbu reaksiya tufayli tanada qon bosimi, harorat o‘zgaradi.

- Bu faqat kasal organizmning reaksiyasi ekanligini aytadigan aniq ma’lumotlar yo‘q, - deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti professori, tibbiyot fanlari doktori Saydulla Rasulov. - Kuzatishlarga ko‘ra, yuqoridagi meteo va gelio sharoitlarga reaksiyalar irsiy va ko‘p jihatdan asab tizimining holatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mutlaqo sog‘lom odamlar meteo va gelio sharoitlarining salbiy ta’siriga duchor bo‘lmaydi. Bunday paytda Quyosh nuri keltirib chiqaradigan o‘zgarishlardan ehtiyot bo‘lish lozim. Jumladan, terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida ham kasallik paydo bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, allergik kasalliklar tufayli ko‘krak, bo‘yin, qo‘lda turli toshmalar yuzaga keladi. Shuningdek, ko‘zning shilliq pardasiga ultrabinafsha nurlarining ta’siri shohpardaning yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislarning tavsiyasiga ko‘ra, yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarning holatida keskin yomon holat kuzatilsa, zudlik bilan shifokor bilan maslahatlashish, «tez yordam» chaqirish kerak. Magnit bo‘ronlari sog‘ligingiz bilan bog‘liq barcha muammolarni ko‘rsatib beradi. Bo‘ronlar paytida ko‘proq suv ichish, meva-sabzavot iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Nurlanish yuqori bo‘lganda ochiq havoda uzoq vaqt yurish saraton kasalligiga moyillikni oshirib, immunitetni pasaytiradi. Bunday kunlarda kunduzi quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik, bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish, ko‘zoynak taqish tavsiya etiladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.