Po‘lat Soliyevning Bobur tadqiqotlari: Sovet mafkurasi sharoitida milliy tarix uchun jasoratli kurash

Jadid ma’rifatparvarlari yangi usul maktablarida tarix fanini o‘qitishni, millat farzandlarini xolis o‘tmish bilan tanishtirishni o‘zlarining muqaddas burchi sifatida bilgan. Ularning darsliklari Vatanning buyuk o‘g‘lonlari tarixini aks ettirib, o‘quvchilarga o‘z tarixlarini chuqur bilishga imkon bergan.

Ammo sovet mafkurachilari o‘zbek xalqini o‘z tarixidan ajratish, tarixiy shaxslarni qoralash va o‘tmishiga e’tibor bermaslik siyosatini olib borgan. Natijada mustaqil o‘ylash va o‘zbek tarixini xolis tadqiq qilishni taqiqlab, o‘zbek xalqi tarixini bilmasligi uchun mafkuraviy va jismoniy bosim o‘tkazganlar. 

Zahiriddin Muhammad Bobur - o‘zbek xalqining tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk shoir, olim, davlat arbobi va sarkarda. Uning hayoti va ijodi asrlar davomida tadqiqotchilar va mutafakkirlar tomonidan o‘rganilib, turlicha baholangan. Sovet davlatida esa Bobur shaxsiyatiga bo‘lgan munosabat bir xilda bo‘lmagan, balki davrning mafkuraviy o‘zgarishlariga qarab tubdan o‘zgarib turgan. Kommunistik mafkura amirlar, shohlar, sarkardalarni salbiy talqin etib, tarixdan o‘chirib tashlashga urinishgan. Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Shayboniyxon, Xo‘ja Ahror Valiy va boshqalar ham ularning siyosiy dushmanlari bo‘lgan. Biroq fidokor o‘zbek tarixchilari shu qiyin sharoitlarda ham mard ota-bobolarimizning nomini himoya qilishda davom etgan.

Professor Po‘lat Soliyev shunday fidokor tarixchilar orasida edi. Sovet davlatining tashkil topganidan keyin (1920 yillar) u milliy tarixni chuqur o‘rganib, tadqiqotlar olib borib, Turkiston tarixiga oid darsliklar tayyorlashga kirishgan. Ammo bolsheviklarning mafkuraviy qarshiligi tufayli Po‘lat Soliyevning ko‘plab darslik loyihalari rad etilgan. Shunga qaramay, 1929 yilda «O‘zbekiston tarixi» kitobini nashr etishga muvaffaq bo‘lgan.

Ushbu asarda olim Bobur faoliyatiga tarixiy xolislik nuqtai nazaridan baho berishga harakat qiladi. Sovet davrida Bobur shaxsiyati, asosan, sinfiy yondashuv va kommunistik mafkura asosida tanqid qilingan. U feodal hukmdor, mustamlakachi va dindor sifatida baholangan. Bu davrda Boburning ijodi va asarlari o‘rganilmagan, aksincha, feodal tuzumning ko‘rinishi deb qaralgan. 1950 yillarda esa tarixga bo‘lgan yondashuv o‘zgarib, ba’zi tarixchilar Boburning ilmiy merosiga e’tibor qarata boshlagan, lekin bu ham rasmiy mafkura doirasidan chiqmagan. 

Po‘lat Soliyev o‘zining yuqorida nomi keltirilgan «O‘zbekiston tarixi» asarida Zahiriddin Muhammad Boburni nafaqat mohir siyosatchi va sarkarda, balki noyob iste’dod sohibi, betakror shoir sifatida tasvirlaydi. Bunday yondashuv 1920 yillarning oxirida, aynan Stalin qatag‘on siyosati avj olayotgan, milliy qadriyatlar va tarixiy shaxslarning roli kamaytirilayotgan bir davrda amalga oshirilgani bilan alohida diqqatga sazovor. Ushbu davrda milliy o‘zlikni anglashga intilish, tarixiy shaxslarni e’zozlash o‘ta xavfli bo‘lgan. Po‘lat Soliyev esa ana shunday murakkab vaziyatda Boburning buyukligini ta’kidlashga jur’at etdi.

Olim o‘zining mazkur asarida Boburning suratini joylashtirib, uning tagiga arab alifbosida «Ulug‘ adib va shoirimiz Zahiriddin Muhammad Bobur» deb yozib qo‘yishi uning o‘z tarixiga bo‘lgan beqiyos hurmatini va sadoqatini yaqqol namoyon etadi. Bu yozuv oddiygina ma’lumot emas, balki o‘sha davrning mafkuraviy bosimiga qarshi o‘ziga xos jasorat, tarixni va milliy qadriyatlarni asrab qolishga bo‘lgan intilishning ifodasi edi. Bu orqali Po‘lat Soliyev, bir tomondan, Boburning buyukligini e’tirof etsa, ikkinchi tomondan, o‘sha davr yoshlariga milliy g‘urur va o‘zligini anglash tuyg‘usini singdirishga harakat qilgan. Boburning betakror shaxsi, adabiy merosi va tarixiy rolini yuzaga chiqarish orqali Soliyev sovet mafkurasining ta’siriga qarshi ilmiy jasorat ko‘rsatadi. Uning bu ishi nafaqat ilmiy, balki ma’naviy jihatdan ham qahramonlik hisoblanadi.      

Afsuski, ajdodlarimiz merosini haqqoniy o‘rganishga bo‘lgan urinishlar kommunistlar tomonidan shunchaki chetda qoldirilmadi. Olimning mazkur asariga mafkuraviy bosimlar orta boshlaydi, bu esa uning keyingi taqdiriga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadi. Abram Gurevich kabi kommunistik tuzum yalovbardorlari olimning bu asarini «panturkistik va o‘tmishni ideallashtirishga urinish» sifatida qattiq tanqid qiladi. Ular Po‘lat Soliyev asarlaridagi milliy ruhning ustunligidan qattiq jazavaga tushadilar. Bu shunchaki tanqid emas, balki o‘sha davrdagi kommunistik mafkuraning milliy qadriyatlarga nisbatan ko‘rsatgan nafratining yorqin ifodasi edi.

1937 yil 8 fevralda A.Karsev o‘zining «Qizil O‘zbekiston» gazetasidagi maqolasida «O‘zbekiston tarixini o‘rganish sohasida marksistik tanqidchilar qilishi lozim bo‘lgan zarur va jangovar ishlar ko‘p. Lekin bu sohada har qanday xatolarga qarshi, ayniqsa, trotskiychilik nazariyalarini sudrab kirishga doimo va qattiq kurashuvi lozim bo‘lgan kishilar indamay keladilar», deb yozadi. Ushbu maqolada berilgan fikrlardan anglashiladiki, 1937 yilning boshidan tarix fanida yoppasiga «tozalash» kampaniyasi boshlanishi muqarrar edi. Bu esa o‘zbek ziyolilariga qaratilgan siyosiy qatag‘onlarning boshlanishi edi. Nihoyat, 1937 yil 13 oktyabrda Po‘lat Soliyev hibsga olinadi va «Uchlik sudi» qarori bilan otib tashlanadi. Bu shunchaki bir olimning o‘limi emas, balki o‘zbek milliy ziyolilariga qarshi qaratilgan qatag‘onning achchiq bir misoli edi.

Jadid tarixchisi Po‘lat Soliyevning Bobur shaxsiyatini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlari Sovet davrining mafkuraviy bosimi sharoitida o‘ta muhim va jasoratli qadam edi. U o‘zbek xalqining tarixiy merosini asrab qolish maqsadida Boburning siyosiy faoliyati, adabiy merosi va umumtarixiy rolini, o‘sha davrning qat’iy mafkuraviy standartlariga qaramay, ob’yektiv va xolis baholashga intilgan. Bu o‘sha davrdagi ziyolilarning tarixiy haqiqatni asrab qolishga bo‘lgan beqiyos harakatlaridan biri hisoblanadi. Po‘lat Soliyevning ayanchli taqdiri ham bunga yaqqol dalildir. Uning ilmiy ishlari va qaynoq harakatlari o‘zbek tarixshunosligida o‘ziga xos bir davr va olim sifatida yetib qolishga yordam beradi va hozirgi kunda ham tarixni chuqur o‘rganishda haqiqatga asoslangan izlanganlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Ubaydulla Quvvataliyev,

Termiz davlat universiteti qoshidagi Qatag‘on qurbonlari muzeyi direktori.