Yerda magnit bo‘roni davom etmoqda, Qutbda yog‘du yuzaga keldi

Kecha, yakshanba kunidan Yer magnitosferasida magnit bo‘roni boshlandi.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, bo‘ron kuchsiz, uning darajasi G1 (maksimal daraja G5)ga teng.

Prognozga ko‘ra, magnit bo‘roni bugun nihoyasiga yetadi.

Bo‘ronga 28 oktyabr kuni kechqurun Quyoshda sodir bo‘lgan kuchli chaqnash sabab bo‘lgan.

Yevropa kosmik agentligi astronavti Tomas Pesse Twitter sahifasida g‘ayrioddiy quyosh chaqnashi natijasida yuzaga kelgan qutb yog‘dusi suratlarini joylashtirdi.

“Janubiy qutb yog‘dusi qaytdi! Orbitalarimiz va quyosh shamoli ularni yana kuzatishimizga imkon berdi, ko‘rgan armonda, ko‘rmagan darmonda”, - deb yozgan u kadrlarni joylashtirgan postda.

Xabarlarga ko‘ra, Yer aholisi qutb yog‘dusini kuzatish imkoniyatiga ega. Misol uchun, yog‘du Rossiya hududida yaqin kunlarda ular 55-60 darajagacha, ya’ni Moskvagacha bo‘lgan kengliklarda kuzatiladi.

Magnit bo‘roni vaqtida salomatlikka e’tiborni kuchaytirib, surunkali kasalliklari bo‘lgan kishilar ehtiyotlikni oshirishi lozimligi aytiladi.

Shuningdek, bu holat energetik tizimlar himoyasida noto‘g‘ri signallarni keltirib chiqarishi mumkin. Kosmik kemalar esa sirt zaryadini to‘plagani sababli kosmik kemaning orbitadan chiqarish xavfini tug‘diradi. Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasidagi buzilish va past chastotali radionavigatsiya muammolari, shuningdek, yuqori chastotali radioaloqa uzilishlariga olib kelishi mumkin.

G.Xoldorova tayyorladi.