Yerevanda ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda
Armaniston poytaxti Yerevan markazida ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Namoyish ishtirokchilari mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan 9 noyabr kuni Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitmga imzo qo‘yganligi sababli uning iste’foga chiqishini talab qilmoqda. Bu haqda 13 noyabr kuni RIA Novosti muxbiri xabar berdi.
Armaniston poytaxtining Ozodlik maydoniga yig‘ilgan namoyishchilar soni bir necha mingni tashkil etadi. “Dashnaksutyun” muxolifat partiyasi vakili Armen Rustamyanning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, namoyishlarning bir nechta tashkilotchilari “go‘yo tergov-surishtiruv harakatlarini o‘tkazish uchun” maxsus tergov bo‘limiga taklif qilingan. Uning fikriga ko‘ra, bu ishlar ular namoyishlarda ishtirok etmasliklari uchun amalga oshirilgan.
Politsiya bir nafar erkakni hibsga olganligi aytilmoqda.
9 noyabr kuni Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida qo‘shma bitim imzoladi. Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bergan bayonotga ko‘ra, 10 noyabr sanasidan e’tiboran Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochish to‘xtatilishi to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.
Kelishuvga binoan, Ozarbayjon va Armaniston bitim qabul qilingan kunga qadar egallab turgan pozitsiyalarida qoladi, shu bilan birga asirlar almashuvi amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Qorabog‘ga Rossiya tinchlikparvar harbiylari joylashtirildi. Pashinyan o‘zining Facebook sahifasida ushbu kelishuv uning uchun juda og‘ir bo‘lganini ma’lum qildi.