Erkinjon Turdimov bulung‘urlik yoshlar bilan uchrashdi

Yaqinda Prezident ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda har bir viloyat hokimi oyda bir marta, tuman hokimlari esa haftada bir bor yoshlar bilan uchrashib turishi bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida shu yilning 11 iyul kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov pastdarg‘omlik yoshlar bilan uchrashgandi. Navbatdagi uchrashuv bugun bulung‘urlik yoshlar bilan o‘tkazildi.

Tumanning Esonturdi mahallasida o‘tkazilgan uchrashuvda 30 nafarga yaqin yoshlar, asosan, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish, sportsevar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarni amaliyotga joriy etish, shuningdek, subsidiya, imtiyozli bank krediti, bandlik, tibbiy yordam kabi masalalarda hokimga murojaat qildi.

- Biz yashaydigan hudud mahalla markazidan ancha olisda, - deydi G‘o‘bdin mahallasida yashovchi Umida Farmonqulova. – Maktabga qatnash ancha qiyinchilik tug‘diradi, ayniqsa, qish oylarida. Yo‘lga soatlab vaqtimiz ketadi. Agar qishlog‘imizni markaz bilan bog‘lovchi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilsa yaxshi bo‘lardi. Bugungi uchrashuvda shu masala bilan viloyat hokimiga murojaat qildim. Masala hal etilishi uchun mas’ullarga topshiriq berildi.

Ayni paytda ta’lim olish, ishlash istagida xorijda bo‘lgan bulung‘urlik yoshlar ham hokim bilan onlayn muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.

- Hozirda Rossiya Federatsiyasi Chelyabinsk shahridaman, - deydi Javohir Alimqulov. - Bu yerda bakalavr darajasi bo‘yicha oliy o‘quv yurtini tamomlab, hozirda magistraturaga ham hujjat topshirganman. Agar imkoni bo‘lsa o‘qishimni O‘zbekistonga ko‘chirib, olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash niyatidaman.

Hokim agar Javohir Vatanga qaytsa viloyat hokimligida ham ish boshlashi mumkinligini ta’kidladi. Mas’ullarga Javohir bilan bog‘lanishlarini, mutaxassisligi, qiziqishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar olishi yuzasidan topshiriq berdi.

Bundan tashqari, uchrashuv davomida 71-maktab sport zalining polini ta’mirlash, “Humo” istirohat bog‘ida attraksionlar o‘rnatish, 9-son musiqa va san’at maktabi faollar zalini ta’mirlash, 2-maktabda xalqaro standartlar asosida nemis tilini o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish, Xo‘jamazgil mahallasidagi sport maydonchasini tungi vaqtda yoritish tizimi bilan ta’minlash, “Diyor” o‘yingohidagi o‘rindiqlarni ta’mirlash kabi masalalar yuzasidan takliflar bildirildi.

To‘lqin SIDDIQOV.