Eron va Afg‘onistonda +50-54 darajagacha jazirama kutilmoqda

Bu yilgi yoz Fors ko‘rfazi mamlakatlari - janubiy va sharqiy Eron, janubiy Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonda g‘ayritabiiy issiqlik va uning davomiyligi bilan ajralib turadi. So‘nggi o‘n yillikning o‘rtacha ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda, bu eng issiq yoz bo‘ladi.

Yaqin kunlarda Eron va Afg‘onistonning bir qancha hududlarida dahshatli issiq kutilmoqda.

Iyulning dastlabki kunlari Eronning janubi sharqiy hududlarida havo harorati +44...+49°, janubi-g‘arbiy qismida esa deyarli +50° issiq bo‘ladi.

Afg‘onistonning Farah va Nimroz viloyatlarida ham havo harorati +45...+50° gacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Xullas, Eronda Dasht-Lut cho‘lida bashorat qilingan harorat sayyoramizdagi maksimal harorat bo‘yicha mutlaq rekordga yaqin bo‘ladi.

Yer yuzida qayd etilgan eng yuqori harorat +56,7° bo‘lib, 1913 yilda "O‘lim vodiysi" (Kaliforniya shtati - Serra-Nevada tog‘ tizmasidan janubi-sharqda, Amerika Qo‘shma Shtatlarining g‘arbiy qismidagi Moxave cho‘li)da qayd etilgan.