Yevropa Ittifoqi mamlakatlari sayyohlar uchun kirish qoidalarini o‘zgartiradi
Bu yozda Yevropaga sayohatchilar ma’lum bir mamlakatga kirish qoidalarini doimiy ravishda kuzatib borishi kerak. Yakshanba kunidan boshlab Germaniya to‘liq emlanmagan sayyohlardan koronavirus uchun salbiy test yoki yaqinda kasallanib chiqqani haqida ma’lumotnoma talab qila boshlaydi. Bu o‘n ikki yoshdan oshganlarga, jumladan, mamlakatga avtomobilda kelganlarga tegishli.
Berlinda avgust oyining ilk kunida yuzlab namoyishchilar sanitariya cheklovlari va emlashga qarshi ruxsatsiz norozilik namoyishida qatnashdi. Ayrimlarda "Ozodlik!", "Korona-diktaturaga – yo‘q!" yozuvli plakatlar bor edi. Namoyish politsiya bilan to‘qnashuvsiz o‘tmadi. Huquq-tartibot xodimlari bir necha kishini hibsga oldi.
Daniya cheklov choralarini yumshatdi. "Salomatlik pasporti" deb ataluvchi hujjat endi 500 o‘rindan kam bo‘lgan teatr va kinoteatrlarga taqdim etish shart emas. Bu muzey, bozor va hayvonot bog‘lariga ham tegishli. 2000 kishilik ochiq havoda o‘tkaziladigan tadbirlar uchun ham tegishli sertifikat talab etilmaydi.
Portugaliyada 1 avgustdan boshlab keskin vaziyatli hududlarda joriy etilgan komendantlik soati bekor qilindi. Do‘kon, restoran va barlarga ertalab soat ikkigacha ishlashga ruxsat berilgan. Biroq, dam olish kunlari mehmonxonada qolish va restoranlarga kirish uchun emlanganlik yoki koronavirusga salbiy test guvohnomasini ko‘rsatish shart.
Fransiyaning Marsel shahrida o‘ttiz mingga yaqin muxlis "Oranj Velodrom» futbol stadioniga qaytdi. Bu yerda "Olimpik Marsel" va "Vilyarreal" o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ldi. Shu yil bahorda stadion koronavirusga tekshirish va emlash markazi sifatida ishlagan edi.
G.Xoldorova tayyorladi.