Evropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlariga viza rejimini yumshatishi mumkin
Yevropa Parlamenti Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida viza rejimini yumshatish masalasini muhokama qiladi. Bu haqda 28 noyabr kuni qabul qilingan Parlament hisobotiga tayanib, Europen Interest nashri yozmoqda.
“Hisobotda Markaziy Osiyo davlatlarining YeI bilan vizani liberallashtirish bo‘yicha muloqotni boshlashga tayyor ekani qayd etilib, Komissiya ushbu hukumatlar uchun viza rejimini soddalashtirish va qayta qabul qilish bo‘yicha kelishuvlarga yo‘l ochish uchun keng qamrovli islohot yo‘l xaritalari ustida ishlashni faollashtirishga chaqiradi”, deya iqtibos keltirgan nashr.
Qayd etilishicha, bu mintaqa davlatlari bilan aloqalarning mustahkamlanishiga olib keladi.
“Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni mustahkamlash vaqti keldi. Mintaqa geosiyosiy jihatdan muhim, Markaziy Osiyo davlatlari Yevropa bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor va bizning hamkorligimiz har ikki tomon uchun ham manfaat keltiradi. Munosabatlarimiz asosi demokratiya, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga hurmat bo‘lishi kerak”, deya bu haqda ma’ruza qilgan Yevropa Parlamenti a’zosi Karsten Lucke.
Ma’lumot uchun: Parlament barcha Yevropa Ittifoqini Rossiyaning zaiflashganidan foydalanib, Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni rivojlantirishga chaqirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun viza nazoratini kuchaytirishni talab qilgan edi.