Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yevropa migratsiya siyosatining qulaganini tan oldi

Yevropa Ittifoqining qochqinlarni G‘arbiy Yevropa jamiyatiga integratsiyalash borasidagi migratsiya siyosati barbod bo‘ldi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto ma’lum qildi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.

“Biz parallel jamiyatlarni ko‘ryapmiz. Kelgan «mehmonlar» bu mamlakatlarda yashovchilarni mutlaqo hurmat qilmaydi. Yevropa Ittifoqi hozirda ulkan madaniy va sivilizatsion muammo va xavf-xatarlarga duchor bo‘lmoqda”, dedi Vengriya tashqi ishlar vaziri.

Uning fikricha, Bryussel migratsiya ustidan nazorat masalalarini Yevropa Ittifoqi institutlaridan unga a’zo mamlakatlar hukumatlariga topshirishi kerak. “Menimcha, Yevropa Ittifoqi o‘shanda kuchliroq bo‘lardi, chunki davlatlar o‘z chegaralarini ancha samarali nazorat qilardi”, deya qo‘shimcha qildi Siyarto.

Avvalroq Yevrokomissiya muhojirlarga Belarus bilan chegaradosh bo‘lmagan davlatlardan boshpana so‘rashni taqiqlagani ma’lum bo‘lgan edi. Shunday qilib, qochqinlarni endi faqat Polsha, Latviya va Litva qabul qila oladi. Yevrokomissiya vitse-prezidenti Ilva Yoxanssonning tushuntirishicha, noqonuniy muhojirlar mamlakat tanlash imkoniga ega emas, chunki ularda Yevropa Ittifoqida bo‘lishga qonuniy asos yo‘q.

26 noyabr kuni Polsha g‘arbidagi Vendjin migratsiya markazida qochqinlar g‘alayoni boshlandi. Yuzlab noqonuniy muhojirlar markaz binosi oldidagi maydonga kelib, jihoz va derazalarni sindira boshlagan. Tartibsizliklar Polshadagi Lyubush voyevodeligining 500 nafar politsiyachi kuchlari tomonidan bostirilgan.