Gaz tortuvchi “nasos” emas, energiya tejovchi uskuna o‘rnating!

Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushayotgan murojaatlarning ayrimlarida mahallalardagi ba’zi fuqarolarning gaz so‘rg‘ichlaridan (nasos) foydalanishi oqibatida, hududlardagi gaz tarmoqlarining oxirgi nuqtalarida tabiiy gaz bosimi me’yoridan pasayishi kuzatilayotganligi aytilmoqda.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali servis xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Mallayevning aytishicha, bunday holatlar bo‘yicha reydlar o‘tkazilib, qoidabuzarlarga nisbatan nechog‘lik choralar ko‘rilmasin, ayrim shaxslarning gaz so‘rg‘ichlaridan foydalanayotgani kuzatilmoqda.

Aholi gaz tortuvchi “nasos”lar o‘rniga, energiya tejovchi gaz uskunalarini o‘rnatishsa, berilayotgan gaz o‘ziga ham qo‘shnisiga ham yetadi. Bundan tashqari, oilaviy byudjeti ham iqtisod qilinadi.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlari foydalanilgan tabiiy gazni taxminan 30-35 foizga iqtisod qilish orqali oila byudjetini ortiqcha xarajatdan xolos etadi. Muhimi, u xavfsiz bo‘lib, bosim pasayib ko‘tarilishi oqibatida gaz uzatish tarmoqlarida uzilishlar bo‘lganda, avtomatik tarzda o‘chib, gaz o‘tkazishni to‘xtatadi.

Samarqand viloyatida jami tabiiy gaz yetkazib berilayotgan xonadonlar soni 288 108 tani, shundan hovli uylar soni 224 807 tani tashkil etadi. 2020 yilning joriy davrigacha viloyat bo‘yicha 3 517 ta hovli uylaridagi qozonxonalarga zamonaviy xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangan energiya tejovchi yondirgichlar o‘rnatildi.

Ayni kunlarda Respublikamizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tabiiy gazdan oqilona foydalanish va ortiqcha sarfni kamaytirish maqsadida aholi xonadonlarining qozonxonalaridagi (ma’nan eskirgan, qo‘lbola) yondirgichlar (gorelkalar) zamonaviy issiqlikni avtomatik ravishda boshqaruvchi va xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangan gaz yondirgichlarga almashtirilmoqda.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati.