Samarqandda bugungacha 49 676 ta "aqlli" gaz hisoblagich o‘rnatildi
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish" loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda suyultirilgan gaz ta’minotida avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan press-tur o‘tkazildi.
Ishtirokchilar dastlab Samarqand shahridagi Navbog‘chiyon mahallasida zamonaviy gaz hisoblagichlarini o‘rnatish jarayoni bilan tanishdi. Mahallada 720 ta xonadon bo‘lib, bugungacha 100 dan ortig‘iga hisoblagich o‘rnatilgan.
Ta’kidlash joizki, ayni paytga qadar "Hududgazta’minot" aksiyadorlik jamiyati tomonidan viloyatga 50 387 ta elektron gaz hisoblagich ajratilgan bo‘lib, viloyat bo‘yicha 49 676 ta gaz hisoblagich o‘rnatilgan. Jumladan, Samarqand shahrida 34 288 ta zamonaviy gaz hisoblagich o‘rnatilib, 26 911 hisoblagich "BillingGaz" dasturiga ulangan.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi. Prezidentimiz 2019 yil 26 iyulda Samarqand viloyatiga tashrifi davomida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi uchun Toyloq tumanidagi “Urgut-1” gaz taqsimlash stansiyasidan aholidan ajratilgan holda qiymati 25,8 milliarrd so‘mlik 29,5 kilometr uzunlikdagi tabiiy gaz tarmog‘ini tortish topshirig‘ini bergan di. Uning ijrosiga ko‘ra, ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari bo‘yicha hozirgi kunda 29,5 kilometr yuqori bosimli gaz quvurlari qurilib, bitkazildi, buning uchuna 21,58 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi. Bugungi kunda sinov ishlari amalga oshirilib, ijro texnik hujjatlari rasmiylashtirilmoqda.
Tadbir davomida aholiga suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham axborot berildi. Xabar qilinganidek, “Hududgazta’minot” AJ tomonidan respublika bo‘ylab suyultirilgan gazning hisob-kitobini yuritishda avtomatlashtirilgan tizim joriy etilmoqda. Bu iste’molchi va ta’minotchi uchun har tomonlama qulaydir. Ayni kunlarda Samarqand viloyatida mazkur jarayon davom etmoqda. Bugungacha viloyatda iste’mol uchun maishiy gaz ballonlarning 525 462 tasiga maxsus shtrix kodli stikerlar o‘rnatildi. 282 915 ta iste’molchiga ID-kartalar tarqatildi.
Ayni kunlarda viloyatda iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish davriyligi 40-45 kunni tashkil qilmoqda.
Zamira Boltayeva.