“Hududgaz Samarqand” rahbari Samarqandda “aqlli” gaz hisoblagichlar o‘rnatish noyabrda yakunlanishini ma’lum qildi
Samarqandda 2022 yilning 18 avgust holatiga ko‘ra, jami 269 890 ta "aqlli" gaz hisoblagichlar shahar va tumanlarga yetkazilib, ularning 267 985 tasi o‘rnatilgan va “BillingGaz” dasturiga ulangan.
Bu haqda “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori Ansor Muhammadiyev jurnalistlarga ma’lum qildi.
Joriy yilning avgust oyiga qadar viloyatning Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Urgut va Paxtachi tumanlarida yashovchi tabiiy gaz iste’molchilari xonadonlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib bo‘lingan. “Aqlli” hisoblagichlar o‘rnatish ishlari viloyatimizda joriy yilning noyabr oyigacha davom etadi.
Ayni paytda zamonaviy gaz hisoblagichlarini o‘rnatish ishlariga Samarqandda 100 ga yaqin maxsus brigada jalb etilgan.
Mazkur hisoblagichlar, Prezidentning 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘rnatilmoqda. Bundan inson omili ishtirokisiz hisob-kitobni yo‘lga qo‘yish, ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasida shaffofligini ta’minlash maqsad qilingan.
Qarorga ko‘ra, jami 281 750 ta elektron gaz hisoblagichlarni (EGHU) o‘rnatish va ASKUG tizimini joriy etilishi belgilangan.