Murojaatlar sayyor qabullarda hal etilmoqda

Samarqandda Respublika ishchi guruhi tomonidan to‘rt kundan buyon tashkil etilayotgan ommaviy qabullarda “Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari T.Turdiyev ham ishtirok etib, fuqarolardan gaz masalasiga doir kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganib chiqmoqda.

Jomboy tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda aholidan kelib tushgan murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi. Jumladan, tumanning Shodlik mahallasida kam ta’minlangan oilalar uchun qurilgan ko‘p qavatli uyda yashovchi bir guruh fuqarolar “aqlli” gaz hisoblagich o‘rnatishda yordam so‘rab qilgan murojaati ijobiy yakun topdi.

-  Yashayotgan uylarimizga quruvchi eski rusumdagi elektron hisoblagichlar o‘rnatib ketishgan ekan, - deydi Oygul Turdiyeva. – Tuman gaz idorasidagilar kelib, o‘rnatilgan hisoblagichlar jahon standartlariga to‘g‘ri kelmasligini aytishdi. Aslida “aqlli” gaz hisoblagichlar quruvchilar tomonidan, agar ular o‘rnatmagan taqdirda xonadon egasi o‘z hisobidan o‘rnatishi lozim ekan. Sayyor qabulda gaz hisoblagich sotib olishga imkoniyatimiz yo‘qligini aytib, murojaat qilgan edik. ”Hududgazta’minot” AJ rahbariyati tomonidan arizamiz o‘rganilib, 11 xonadonga “aqlli” uskunalar o‘rnatib berishdi.

Shuningdek, sayyor qabulda maishiy gaz ballon so‘rab qilingan qator murojaatlar ham yechim topdi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan energiya tejamkor gaz jihozlarining  afzalliklari, shuningdek, quyosh energiyasi yordamida suv isitish uskunalarining qulayliklari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

"Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati.