Sovuq havoga qarshi choralar ko‘rib qo‘yil(ma)ganmidi?
Bu yil qish qishligini qilmadi, hisob. Shu paytgacha deyarli qattiq sovuq bo‘lgani yo‘q. Biroq bahor kelishiga ikki hafta qolganida yoqqan qor ko‘pchilikni esankiratib qo‘ydi. Ayniqsa, kommunal xizmat sohasi vakillari shoshib qoldi.
Chunki sovuq havo, yomg‘ir va qor ularning bir yillik mehnatiga baho beradi. Mana, 3 kundirki, qor yog‘ib, qattiq sovuq bo‘layotganligi sabab viloyatimizning deyarli barcha shahar va tumanlarida elektr energiyasidagi uzilishlar va tabiiy gazning bosimi pasayib, aholining qiynab qo‘ymoqda.
Xo‘sh, viloyatdagi mazkur sohalarga mas’ul tashkilotlar bunday vaziyatda qanday yo‘l tutmoqda? Nima uchun elektr ta’minoti va tabiiy gaz tarmoqlarida uzilishlarga duch kelinmoqda? Bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rilyapti?
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filialidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, ayni vaqtda viloyatdagi 142 ta nimstansiyalar ishlab turibdi. Yuqori kuchlanishli havo tarmoqlarida avariya holatlari bo‘lmagan.
- Biroq yurtimizda havo haroratining keskin sovishi oqibatida elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortib, yuklamalar hosil bo‘lyapti, - deydi hududiy filial direktori Umid Nazarov. - Natijada past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida uzilishlar kelib chiqmoqda. Shuningdek, tayanch ustunlarida muzlamalarning hosil bo‘lishi avariya brigadalarimizga yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etishda qiyinchilik tug‘dirmoqda. Nima bo‘lganda ham bu bizning vazifamiz. Noqulay ob-havo sharoitiga qaramay, hududlardagi 0,4 kV elektr uzatish tarmoqlarida kuzatilgan nuqsonlarni bartaraf etish ishlari olib borilib, hududlarda bosqichma-bosqich elektr energiyasi ta’minoti tiklanmoqda. Ayni damda viloyat bo‘yicha 84 ta avariyalarni bartaraf qilish brigadalarida 542 nafar ishchi-mutaxassis mehnat qilmoqda. Ularga 50 ga yaqin maxsus texnika va mashinalar biriktirilgan.
Shu kecha-kunduzda Samarqand shahridagi Anhor mahallasida transformator punktlaridagi nosozlik oqibatida 20 ga yaqin xonadonda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Sartepa massivining Zargartepa, Botir Zokirov nomli mahallalarida, o‘nlab ijtimoiy soha ob’yektlari bir sutka davomida elektr energiyasiz qoldi.
Hududlarda kuchli shamol sababli ayrim elektr tarmoqlarida nosozlik yuzaga kelishi oqibatida Samarqand, Past Darg‘om, Bulung‘ur, Jomboy, Toyloq va Payariq tumanlarida yashovchi 35 mingdan ortiq iste’molchi elektr ta’minotidan uzilib qolgan.
Toyloq tumanidagi ayrim mahalla va qishloqlarda yashovchi fuqarolar, jumladan, tuman markazidagi ko‘p qavatli uy egalari 3 kundan buyon “svet” o‘chib, ichimlik suvi kelmayotganligidan shikoyat qilmoqda.
- Shu paytgacha barcha kamchiliklarni bartaraf etib qo‘yganmiz, deb kelgan tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbarlari hatto qo‘ng‘iroqlarimizni ham ko‘tarmay qo‘yishdi, - deydi toyloqlik Tolib aka. – Uylarimiz sovuq, na issiq, na sovuq suv bor. Elektr bo‘lganda ham pechka o‘rnatib isitish mumkin. Lekin u ham bo‘lmagach, nima qilish kerak? Biz kattalar chidaymiz, lekin nabiralarimiz-chi? Yuqori qavatda yashovchilarning azobini aytmaysizmi, elektr bo‘lmagach, liftlar ham ishlamaydi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik paytida shu hududlarda elektr liniyalari mavsumga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rilmaganligi bilinib qolmoqda.
Shuningdek, havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan tabiiy va suyultirilgan gaz iste’molining ortishi kuzatilmoqda. Ayrim joylarda, jumladan, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida, Payariq, Ishtixon, Samarqand, Past Darg‘om tumanlarida iste’mol ortgani sababli gaz bosimi pasaygan. “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti korxonasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, murojaatlar asosida o‘rganilib, gaz bosimini me’yorlashtirish jarayonlari olib borilmoqda.
Magistral gaz quvurlarida bosimning kamayishi sababli viloyatdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)ga qisqa muddatli cheklovlar kiritilgan. Benzin «zapravka»larga avtobenzin mahsulotlari qo‘shimcha miqdorda yetkazib berilmoqda.
Viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, sovuq shu hafta oxirigacha davom etadi. Dastlabki uch kun keltirgan tashvish hammani bezovta qilgan bo‘lsa, qolgan kunlardagi sovuq havo ko‘pchilikni qiynashi tayin. Bu holatda aholini elekt, gaz, issiqlik bilan ta’minlash shahar va tumanlardagi mutasaddi tashkilotlar rahbar va mutaxassislarining vazifalarini nechog‘li bajarishlariga bog‘liq.
Dilmurod To‘xtayev.