Germaniya, Niderlandiya, Fransiya tabiiy anomaliya hukmida
Germaniyaning shimoliga kuchli qor va muzli yomg‘ir yopirildi. Shamolning tezligi soatiga 80 kilometrga yetmoqda. Ko‘plab avtomobil yo‘llari yopildi, kecha tunda 220 dan ortiq avtohalokat ro‘y berdi, 28 kishi og‘ir jarohat oldi.
Rasmiylar fuqarolarni o‘z uylarini zaruratsiz tark etmaslikka, iloji boricha transport vositasini haydamaslikka chaqirmoqda. Myunsterda ko‘p miqdorli qor tufayli jamoat transporti butunlay to‘xtab qoldi, hatto qutqaruv xizmatlari transporti ham harakat qilolmayapti.
"Bunga "falokat" atamasi juda mos keladi. Yo‘lning bunaqa holatini hech ko‘rmaganman. Qor ostida qalin muz qatlami. Biz ishni qayerdan boshlash va qanday tugatishni bilmaymiz. Avtomobillar qiyaliklarda, to‘xtash joylarida, chorrahalar o‘rtasida to‘xtagan va hatto qishki shinalar ham yordam bermayapti", deydi FDAC shoshilinch avariya xizmati xodimi Kilian Nordbax.
Qo‘shni Niderlandiya ham stixiya hukmi ostida. Germaniya bilan temir yo‘l aloqasi butunlay uzilib qolgan. Mamlakatni qor bilan qoplaganligi sababli hukumat koronavirus bo‘yicha haftalik uchrashuvni bekor qilib, transport aloqalarini butunlay to‘xtamasligi va boshqa favqulodda choralarni ko‘rmoqda.
Tabiiy ofat Fransiyaga ham ustma-ust yopirildi. Mamlakatning bir nechta mintaqalariga zarar yetkazayotgan toshqinlar to‘xtamayapti. Parijning Sena daryosi qirg‘oqlarini besh kundan beri suv bosmoqda. Janubi-g‘arbiy qismidagi Garonna va Sharenta qirg‘oqlaridan toshib chiqdi, suv toshqini to‘xtamayapti.
G.Xoldorova tayyorladi.