Germaniya nihoyat Ukrainaga "Leopard" tanklarini yuborishga qaror qildi
GFRning Ukrainaga tanklar yetkazib bermaslik haqidagi qarori G‘arb OAVlari ta’kidlaganidek, NATO ittifoqchilari o‘rtasida tushunmovchilikni keltirib chiqardi va alyans bo‘linishidan dalolat bera boshladi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining Ukrainaga yangi yordam paketi bo‘yicha haligacha kelishib olinmagan.
Kecha, 25 yanvar kuni Germaniya hukumati “Leopard-2” tanklarini Ukraina armiyasiga jo‘natish to‘g‘risidagi qaror e’lon qilinganini tasdiqladi.
"Ikkita "Leopard-2A6" tank batalonini tezda Ukraina uchun shakllantirish maqsadi qo‘yildi. Buning uchun Germaniya birinchi bosqichda tarkibiga Bundesver zaxiralaridan 14 ta "Leopard-2A6" tanklari kiruvchi rota taqdim etadi. Qolgan yevropalik hamkorlar, o‘z navbatida, "Leopard-2A6" turkumiga kiruvchi tanklarni yetkazib beradi. Paket, shuningdek, logistika, o‘q-dorilar bilan ta’minlash va tizimlarga texnik xizmat ko‘rsatishni ham ko‘zda tutadi”, - deb hukumat vakili Shteffen Xebeshtraytning so‘zlaridan iqtibos keltirgan axborot agentliklari.
Germaniya, shuningdek, uchinchi mamlakatlardan "Leopard"lar reeksport (boshqa mamlakatlarga qayta sotish uchun ilgari olib kirilgan tovarlarni mamlakatdan olib chiqish)ga ruxsat berdi. Ispaniya ham bugun Ukrainaga tank jo‘natish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Ukraina intiqlik bilan kutayotgan ikkita model - nemis "Leopard"i va Amerika "Abrams"laridir. Geografik yaqinlik tufayli Germaniyada ishlab chiqarilgan tanklar mamlakat uchun eng yaxshi variant deb ko‘rilgan.
Bu kontinental Yevropadagi eng keng tarqalgan og‘ir zirhli transport vositasi bo‘lib, "Leopard-2" o‘ndan ortiq mamlakatlar tomonidan qo‘llaniladi. Tank boshqa mintaqalarda, masalan, Kanadada ham mavjud.
"Leopard-2" tanki 500 km.gacha bo‘lgan masofada avtonom ishlab, maksimal harakat tezligi soatiga 68 km.ni tashkil etadi. Bundan tashqari, "Leopard-2" tanklarida harakatlanuvchi nishonning trayektoriyasini hisoblaydigan tungi ko‘rish va o‘q otish tizimlari mavjud.
Ukraina prezidenti G‘arb davlatlari tomonidan Kiyevga zamonaviy tanklar topshirilishini olqishlab, ularni “tank koalitsiyasi” deb atadi.
Vladimir Zelenskiy Germaniya va AQShga 45 ta "Leopard" va "Abrams"larni jangovar zonaga yuborish qarori uchun minnatdorchilik bildirdi.
Kiyevda G‘arb tanklarining kelishi Rossiya bilan qarama-qarshilikda burilish nuqtasi bo‘ladi, deb hisoblashadi.
Moskvaning ta’kidlashicha esa Berlin Vashington bosimi ostida Ukrainaga tanklar yetkazib berishga qaror qilgan.
Boshqa davlatlar ham o‘zlarining jangovar transport vositalarini bo‘lishish niyatini bildirgan. Umuman olganda, Ukraina turli dizayndagi 150 dan ortiq G‘arbiy tanklarni olishi mumkin. Ularni yetkazib berish va o‘qitish uchun esa bir necha oy kerak bo‘ladi.