Grippga qarshi emlash necha yoshdan va kimlarga belgilanadi?
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami grippga qarshi vaksinalar bilan bepul emlanadi. Jumladan, «Muruvvat» va «Saxovat» uylarida yashovchilar, mehribonlik va go‘daklar uylarining tarbiyalanuvchilari bepul emlanadi. Aholining boshqa vakillari esa o‘z hisobidan, tashkilot xodimlari esa o‘sha idora mablag‘laridan xususiy emlash markazlari orqali vaksina olishlari mumkin.
Homilador ayollar, nafas olish organlari va yurak-qon tomir tizimlarining ma’lum surunkali kasalliklariga chalingan katta yoshlilar, 60 yoshdan oshgan shaxslar va 6 oylikdan boshlab bolalar ham bemalol mavsumiy grippga qarshi emlanishi mumkin.
Umuman olganda, grippga qarshi vaksinatsiya qilishga qarshi ko‘rsatmalar yo‘q. Ya’ni, bu emlash turi hammaga qilinishi mumkin. Ammo shunga qaramay, albatta, shifokor bilan maslahatlashib, organizmning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgangan holda vaksina olish lozim.
Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bosh mutaxassisi Dilorom TURSUNOVA ma’lumot berdi.