Har bir fuqaro bepul psixologik yordam olishi mumkin

Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 oktyabrdagi “Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta’minlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Unga ko‘ra, “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarida og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam ko‘rsatishi shart.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayni kunda viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridagi "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlarida tegishli psixologik yordam ko‘rsatish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Ya’ni, siz markazga borgan holda xizmatdan bepul foydalanishingiz mumkin. Malakali mutaxassislar siz va yaqinlaringizga oilaviy muammolar, stress, depressiya holatlarini yengish, o‘ziga ishonch va hayotiy ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan psixologik yordamlarni ko‘rsatishadi.