Har yerni qilma orzu...

U biror hunarning boshini tutmadi. Oiladagi iqtisodiy sharoit og‘irlashgach, mo‘may daromad topishni rejalashtirdi. O‘ylay-o‘ylay noqonuniy bo‘lsa-da, chet elga chiqish rejasini pishitdi. Shu maqsadda 2015 yilning 2 iyul kuni xorijga chiqish-kirish to‘g‘risidagi tartiblarni buzib, Toshkent viloyatidagi "o‘ishtko‘prik" bojxona chegara maskani orqali Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahriga bordi.
"Har yerni qilma orzu, har yerda bor toshu tarozu", – deganlaridek, shaharning baland-pastini bilmagan Luiza bir necha kun sarson bo‘lib, ish qidirdi. Shu orada qozoqlardan tanish orttirdi. Omadi kelavermagach, yordami tegib qolar, degan umid bilan tanishlariga ish topishda qiynalayotganini aytdi.

– Shunga ham qayg‘urasanmi, Luiza? – dedi tanishi. – Yaqinda Tailandga ketamiz. U yerda orzuingdagi ishni topsang bo‘ladi. Agar istasang, biz bilan borishing mumkin.
Ularning bu taklifi Luizani quvontirdi. Nihoyat, Tailandning Bangkok shahridagi "Alif Leyla" restoranida uning orzusi ushaldi. Luiza restoranga ofitsiant bo‘lib ishga kirdi. Orada uyiga pul ham jo‘natdi.
Kunlarning shu zaylda o‘tishi Luizani zeriktirdi va u Tailandning Nong Kxay shahriga, keyin esa qo‘shni Laos davlatiga borib keldi. Bora-bora bu yurishlar uning "xobbi"siga aylandi.
Ammo har bir ishning intihosi bor. Luiza Ummatovaning ham noqonuniy "sayohat"lari o‘z nihoyasiga yetdi. U "Bangkok-Toshkent" yo‘nalishi orqali yurtimizga kirib kelayotganida pasportidagi kamchiliklar tufayli chegara xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi. Noqonuniy xatti-harakati uchun unga 5 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Abbos ABDURAIMOV,
viloyat prokuraturasi bo‘lim
prokurori.