Harbiy xizmatga jo‘natish uchun 1000 AQSh dollari talab qilgan sobiq mudofaa xodimi qo‘lga olindi
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidagi Oqbuloq mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro viloyat IIBga murojaat qilib, Zarbdor tumani mudofaa ishlari bo‘limining sobiq xodimi O.O‘. muddatli harbiy xizmatga jo‘natish uchun undan 1000 AQSh dollari talab qilayotganligini bildirdi.
Mazkur murojaat asosida tezkor tadbir uyushtirildi va Jizzax shahridagi “Zebo” savdo markazi qarshisida 500 AQSh dollarini olgan O.O‘. ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi. Bu haqda “Postda.uz” xabar berdi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rinda aytish kerakki, Zarbdor tumani Bo‘ston shaharchasida istiqomat qilib kelgan ayblanuvchi 2018 yilning 1 fevralidan 2020 yilning 27 mayiga qadar tuman mudofaa ishlari bo‘limida faoliyat ko‘rsatgan.