Soliqchi, qo‘riqlash xodimi va yana bir necha mansabdorlar pora bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari hamkorligida dastlab Kattaqo‘rg‘on tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda tuman soliq inspeksiyasi inspektori, 1981 yilda tug‘ilgan M.R. mazkur tumanda yashovchi mahalliy fuqaroning 11 million 500 ming so‘m miqdoridagi soliq qarzini elektron bazadan o‘chirish va qarzdorlik to‘langanligi xususida soxta hujjat rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 6 million so‘m pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, Qurolli Kuchlar xizmatchisi S.I. va uning yordamchisi F.E. ham o‘z mansab vakolatidan noqonuniy yo‘llarda foydalanib, o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda Samarqand shahrida yashovchi mahalliy fuqaroning AQShga ishlash uchun ketgan o‘g‘lini safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni o‘taganligi xususida soxta harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga 600 AQSh dollari talab qilgan. “Ustasi farang”lar kelishilgan mablag‘ni olayotgan vaqtda qo‘lga tushdi.

Xuddi shunday, poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoiy harakatlar Paxtachi va Narpay tumanlarida ham sodir etildi. Jumladan, Milliy gvardiya Paxtachi tumanlararo qo‘riqlash bo‘limi xodimi, 1998 yilda tug‘ilgan safdor Sh.A. mahalliy fuqaroga Paxtachi tumanida joylashgan “Qoraqo‘ton oltin koni” hududidagi 25-sonli shaxtadan tarkibida oltin moddasi bo‘lgan toshlarni qazib olishga sharoit yaratib berish evaziga 8 million so‘m va 600 AQSh dollari talab qilib, kelishilgan puldan qolgan 600 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, Narpay tumanida yashovchi, Kadastrlar palatasi Narpay tuman filiali muhandisi S.Sh. mahalliy fuqaroning yaqin qarindoshi nomidagi turar joyiga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 700 AQSh dollarini cho‘ntakka joylamoqchi bo‘lgan vaqtida fosh etildi.

Hozirda yuqoridagi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.