Hunarmandchilik: Qo‘ligul gulband ustasi

Samarqandlik Shoira G‘aniyeva yoshligidan kashtado‘zlik, quroqchilik bilan shug‘ullanib kelardi. U ajdodlar ishini davom ettirayotgan sulolaning 6 avlodi.

Bugungi kunda hunarmand ipak matolarga tabiiy bo‘yoqlar yordamida gul bosish bilan shug‘ullanadi.

- Momolarimiz shu gulbandchilik san’ati bilan shug‘ullanib kelgan, - deydi u. – Ammo orada, ya’ni sobiq ittifoq davrida bu ishlar to‘xtab qolgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyin O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamkorligida Shahrisabz shahrida shu mavzuda seminar o‘tkazildi. Unda qatnashdim. Dunyoning taniqli hunarmandlari bizga mahorat darsini o‘tdi va vazifa berdi. Bu ish bilan birinchi marta shug‘ullanayotganimni aytib, oq ipak matoga tabiiy bo‘yoqlardan foydalanib, gul bosa boshladim. Shunda hindistonlik taniqli hunarmand Badmini Balaram ishimni kuzatib turib, “Avval bu ish bilan shug‘ullanmaganman, deb yolg‘on gapirgan ekansiz-da”, dedi. Men esa chindan ham ilk bor bu usulda matoga gul bosayotganimni, bu ish bilan bir paytlar momolarim shug‘ullanganini, ammo men ularni ko‘rmaganimni, xullas, bu hunarmandchilik qonimda borligini tushuntirdim. O‘sha paytda shu yo‘nalishda tanlov o‘tkazildi va birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim.

Shoira G‘aniyeva bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritib kelyapti. Uning ishlari uchun YuNESKO tomonidan “Butunjahon sifat belgisi” sertifikati berilgan. Shuningdek, u “Shuhrat” medali sohibasi.

- Dunyoning turli mamlakatlarida o‘tkazilgan tanlov va seminarlarda qatnashib kelyapman, - deydi Sh.G‘aniyeva. – Tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, seminarlar doirasida mahorat darslari o‘tib kelyapman. Dunyoning deyarli barcha qit’asida shogirdlarim bor. Qiziqqan kishiga gulbandchilik sirlarini o‘rgatishga tayyorman. Sulolamiz va o‘zimning ishlarim haqida ma’lumotlarni to‘pladim va kitob holiga keltirdim. Buning uchun 10 yil vaqt ketdi. Bu kitob shogirdlar uchun tayyor darslik-qo‘llanma vazifasini o‘taydi.

Sulola ishini Shoira opaning qizlari yettinchi, nabiralari esa sakkizinchi avlod bo‘lib davom ettirmoqda.

Dilnoza MAJIDOVA,

Baxtiyor MUSTANOV (foto-video).