Ibratli voqea: Yaponcha farzand tarbiyasi

Tokioda, dengizdan oqib kelib dengizga quyiluvchi bir daryo bor. Bu daryo shahar markazida joylashgani uchun, daryoning ikki qirg‘og‘i odamlar sayr qiladigan bolalar o‘ynaydigan so‘lim go‘sha qilib qo‘yilgan.

Adashmasam, bundan ikki yil oldin, aynan mana shu paytlari edi. Goh-gohida kitob o‘qish uchun o‘sha yerga borar edim. Bu gal ham bordim. Tinch, osoyishta joy. Har doimgidek, yaponlar sayr qilib yuribdi. Kimdir kitob o‘qiyapti, kimdir itini sayrga olib chiqqan, kimdir musiqa tinglayapti, kimdir yugurish mashqlarini bajarayapti, bir nechta bola maxsus bolalar maydonchasida o‘ynayapti.

Bolalar maydonchasiga yaqin joyga - skameykaga borib joylashdim. To‘satdan, 3-4 yoshlar atrofidagi yapon bolacha yuguraman, deb yiqilib tushdi va bolalarcha beg‘uborlik bilan o‘ksinib yig‘layapti. O‘rnidan turmay, kimdir kelib ko‘tarib, turg‘izib qo‘yishini, erkalab ovutishini kutayotgandek yig‘lardi.

Bizning o‘zbek mentalitetimizdan, bolajonligimizdan kelib chiqib qaraydigan bo‘lsak, begona bo‘lishidan qat’iy nazar ovutishga yordamga oshiqamiz.

Qisqa fursat ichida xayolimga shunday fikrlar keldi-da, o‘zimcha g‘udranib, so‘kingandek bo‘ldim. "Nahotki, jondan aziz farzanding yiqilib, yig‘lab o‘tiribdi, borib ovutmasang, xavotir olmasang", degan ma’noda nariroqda ikki-uch nafar ayol ko‘rib, pinagini ham buzmagani uchun ularga ma’noli qarab (qaysi biridir bolaning onasi) qo‘ydim.

Keyin o‘rnimdan turdim-u, yugurib borib, bolakayni turg‘izib qo‘ydim, kiyimidagi changlarini qoqib, ovutdim. Shu payt bir ayol biz tomonga kela boshladi. Fahmladimki, bolaning onasi. Rahmat aytsa kerak, degan holatga tayyor turgan miyamga bolg‘a bilan urganday bo‘ldi: ayol baqirib-baqirib meni urishib ketdi.

Nima deyishimni, nima qilishimni bilmay qoldim. "Yaxshilik qilganimga javobing shumi?", dedim-u buzilgan kayfiyatda o‘z joyimga borib o‘tirdim. Bunaqa kayfiyatda kitob ham o‘qib, sayr ham qilib bo‘lmaydi.

"Qayerdan ham shu ishni qildim, aybsiz aybdor bo‘ldimmi? Yoki haqiqatan ham aybdormanmi?" kabi bir qancha savollar qiynab, jahlim chiqib uyga qaytaman, deb turganimda haligi ayol yana men tomonga kela boshladi. Bu safar miyamni boshqa holatga tayyor, jahl bilan achchiq gapirib tashlayman deb turgandim. Haligi ayol bu safar juda muloyimlik bilan, yaponlarga xos madaniyat bilan gap boshladi:

- Boya bo‘lib o‘tgan voqea uchun chin qalbimdan uzr so‘rayman. Juda ham yaxshi (mehribon) inson ekansiz.
- Iye, nimaga, hechqisi yo‘q.
- Sizni urishmasam ham bo‘lar edi. Ammo sizni qilgan xatti-harakatingiz mening farzandimning kelajagi uchun, tarbiyasi uchun yomon ta’sir qiladi.
- Nimaga? Men nima yomon ish qildim? Yordam berdim, xolos.
- To‘g‘ri, siz yordam qildingiz. Ammo bir tomondan katta zarar ham qildingiz. Hozir bolam yiqilib tushib, kimdir kelib turg‘izib qo‘ysin deb yig‘lab yotibdi, men yoki boshqa odam turg‘azsa, u o‘rganib qoladi. Kelajakda ham biror qiyinchilik boshiga tushsa, qoqilsa, kimnidir yordamini kutib yashaydigan bo‘lib qoladi. O‘zining qo‘lidan hech narsa kelmaydigan bo‘lib qoladi. Siz kelajakda ham mening farzandimni turg‘izib qo‘yaman, qiyinchilikka tushsa yordam beraman, desangiz, bo‘yningizga olsangiz, bemalol yordam qilavering. Qila olmaysiz... Imkonsiz bu narsa. Xullas, bugungi holat uchun uzr so‘rayman. Xayr!
- Farzandingiz buyuk inson bo‘lsin. Ming bor uzr!

***

Anchadan beri o‘ylayman bu voqeani. Ko‘pchilik yaponlarning nima sababdan birovdan uncha-bunchaga yordam so‘ramasligining sababini tushundim. Ko‘p sonli yaponlar qiyinchilikda uxlamasdan, o‘qib ishlayotganlarini ko‘rib hayron qolasiz. Qaysidir akasi, tanish-bilishni ishga solib, biror ishini hal qilayotganlarini deyarli ko‘rmaysiz. Ko‘pchilik qismi, farzandlarining kontrakt pullarini to‘lashmaydi. O‘zlari arubaito (soatbay ish) qilib to‘lashadi. Yoki davlatdan kredit olib o‘qishadi. O‘qishni bitirgandan keyin necha yillar davomida oyligidan ushlab qolishadi.

Bahodir Iskandarov.