Ibratli voqea: "Yuzingizni yaxshilab eslab qolmoqchiman"

Ko‘rsatuv bo‘lyapti. Teleboshlovchi bir millioner mehmonidan so‘radi:

- Hayotingizda sizni eng ko‘p nima baxtiyor qilgan?

- Baxtiyorlikning to‘rt bosqichidan o‘tdim va nihoyat chin baxt nimaligini angladim.

Birinchisi, narsa to‘pladim. Ko‘paytirdim. To‘ymadim.

Ikkinchisi, qimmatbaho narsalarni sotib oldim. Yanada qimmatini, yanada qimmatini. Lekin uning ham mazasi vaqtincha bo‘ldi, xolos.

Uchinchisi, katta-katta loyihalarni sotib oldim. Futbol komandasimi-yey, sayohatchilar uchun oromgohlarmi-yey. Lekin baribir o‘zim ko‘zlagan va kutgan baxtga erisholmadim.

To‘rtinchisi, bir do‘stim nogiron bolalar uchun o‘ziyurar aravachalar sotib olishga ulush qo‘shishimni so‘radi. Men darhol rozi bo‘ldim.

O‘sha do‘stim, sovg‘ani bolalarga o‘zing borib, o‘z qo‘ling bilan topshirasan, deb oyoq tirab turib oldi. Noiloj bordim. Bolalarning xursand bo‘lib, aravachalarda u yoqdan-bu yoqqa uchib yurganlarini ko‘rdim. Ular xuddi bir o‘yingohlarda yurgandek quvnashardi.

Bolalarning quvnaganini ko‘rib, o‘zim ham yayrab ketdim.

Shundan keyingi holat esa bu baxtiyorlikni qalbimning ich-ichigacha olib kirdi. Ketmoqchi bo‘lib turganimda bolalardan biri oyog‘imga mahkam osilib oldi. Oyog‘imni beozorgina olmoqchi bo‘lsam, u yanada qattiqroq yopishardi. O‘tkir nigohi yuzimga qadalgan edi. Hayron bo‘lib so‘radim:

- Toychog‘im, senga yana biron narsa kerakmi?

Bu beg‘ubor, begunoh, yuzida chin ma’nodagi baxtiyorlik nishonalari aks etib turgan xilqatning sururbaxsh, umidbaxsh javobiga quloq soling-a:

- Otajon, jannatda sizni uchratganimda Parvardigorimning qoshida sizga minnatdorchilik bildirishim uchun yuzingizni yaxshilab eslab qolmoqchiman.

"Dod!", deb yubordim. Ko‘p yig‘ladim. Bir tarafdan uning xursandligidan, ikkinchi tarafdan esa o‘zimning baxtiyorligimdan hushimni yo‘qotib, yerga qulay dedim...

Yo Alloh! Men qanday hayot kechirdim? Nimalar qildim? O‘yin-kulgi, kayfu safo, isrofgarchiliklar... Hamma-hammasi sariq chaqaga arzimaydi. O‘zim ham baxtli bo‘lolmadim, birovni ham baxtli qilolmadim.


Muqim Mahmud.


•┈┈┈┈•❈••✾••❈•┈┈┈┈•
Yaqinlaringizga ulashing!👇
https://telegram.me/joinchat/EBkeNT8wOXpAsSelKCAtIA