IIV “Jasliq”dagi mahkumlar qayerga yuborilishini ma’lum qildi
“Jasliq” koloniyasida jazo muddatini ado etayotgan mahkumlar ilgari o‘zlari yashagan joylarga yaqin koloniyalarga yuboriladi. Bu ularning oila a’zolari va yaqinlarining vaqt va pullarini tejashga yordam beradi, deya ma’lum qildi IIV vakili Bahrombek Odilov. Bu haqda Sputnik xabar qilmoqda.
Hozirgi kunda u yerda 395 nafar mahkum saqlanyapti. IIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyatda qamoqxona to‘g‘risida “turli mish-mishlar” tarqalgani sababli uni yopishga qaror qilingan.
Aniqlik kiritilishicha, IIV huzurida qamoqxonani tugatish komissiyasi tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 2 avgust kungi "Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida"gi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish belgilangan.