Ikki nafar bokschimiz doping sabab oltin medaldan mahrum qilindi

Toshkentdagi Osiyo chempionatida oltin medalga erishgan bokschilarimiz - Xurshidbek Rasuljonov va Aziz Tojiyev doping sababli oltin medaldan mahrum qilindi va uch yilga chetlatildi.

Antidoping agentligi xabariga ko‘ra, Xurshidbek Rasuljonovning doping-sinamasida taqiqlangan modda aniqlangan va shu tufayli u 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, doping-sinama Xurshid Rasuljonovdan 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida o‘tkazilgan (ASBC Asian U22 Boxing Championships) Osiyo chempionatida olingan. Rasuljonov ushbu musobaqada 60 kg. vaznda ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Xurshidda doping aniqlangani sabab, u ushbu oltindan mahrum qilindi.

Yana bir bokschimizning doping-namunasida taqiqlangan moddalar aniqlandi. Ya’ni, ushbu turnirning yana bir oltin medal sohibi - Aziz Tojiyevning doping-sinamasida ham taqiqlangan moddalar aniqlangan va bokschi 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilingan.

Shuningdek, Tojiyevning 2022 yil 29 yanvardan shu kunga qadar bo‘lgan barcha natijalari, reyting ochkolari va 2022 yilgi Osiyo chempionligidan mahrum qilindi.