Ikki yilda onalarimizning bog‘chalarga munosabati o‘zgardi
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida bolalarni bog‘chalarga qamrovini oshirish, odamlarning maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sifatli ta’lim-tarbiya olishlariga ishonchini kuchaytirish borasida fikrlari aytildi.
Darhaqiqat, bugun chekka tumanlarda ham ota-onalar bog‘chalar ochish taklifi bilan murojaat qilayotgani, farzandining maktabgacha ta’lim olishiga qaratayotgan e’tibori sohada olib borilayotgan izchil ishlar samarasidir. Bugungi bog‘cha tarbiyachilari kechagi tarbiyachi emas. Bugungi kun talabi ulardan o‘qib-o‘rganishni, izlanishni, yangi metodlar asosida ta’lim-tarbiya berishni talab etadi.
Prezidentimiz aytganidek, intilmagan rahbarning ertasi yo‘q. Bu borada viloyatimizda ham har bir maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbarlari bilan yakka tartibda ish olib borgan holda ularning bilim saviyasini, rahbarlik salohiyatini yuksaltirishda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshiradi.
2020 yil davomida mavjud 4929 nafar o‘rta-maxsus ma’lumotli pedogoglarning 750 nafarini oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va qayta tayyorlov kurslari tinglovchilari hisobiga bosqichma-bosqich oliy ma’lumotli kadrlarga almashtirib borish, oliy ma’lumotli kadrlar ulushini 45,1 foizga yetkazish orqali ta’lim sifati va samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.
Joriy yilda viloyatimiz maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar qamrovini oshirish maqsadida 41 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan quriladi. Samarqand shahrida joylashgan YuNESKOning tarixiy obidalar ro‘yxatiga kiritilgan 9 ta, foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan, faoliyat yuritmayotgan 17 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti ham qayta rekonstuksiya qilinadi.
Murojaatnomada aytilganidek, ilk bor 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy qilish orqali barcha hududlardagi, chekka qishloqlardagi bolalarning aksariyati bog‘chalarga qamrab olinadi.
Tashkilotlarda bog‘cha-oila-mahalla hamkorligiga alohida e’tibor qaratilgan holda Kuzatuv kengashlari faoliyatini rivojlantirish, ota-onalar ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni”ni o‘tkazish ham samarali natija beradi. Zero, ilm-ma’rifatni bog‘cha yoshidan boshlab o‘rgatish, bolalarni shu muhitda shakllantirish kelajakka qo‘yilgan poydevordir.
Shuhrat RAHMONOV,
Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i.