Indoneziyadagi samarqandlik to‘qqiz avliyo

Dunyoda eng ko‘p musulmonlar yashaydigan mamlakat Indoneziya hisoblanadi. Arab xalifaligi davrida Islom dinini yoyish maqsadida fath etilgan yurtlar ko‘p bo‘lsa-da, ular Sharqiy Osiyo mamlakatlarigacha yetib bormagan edi. Xo‘sh, unda bu yurtlarda Islom dinining keng yoyilishi va chuqur ildiz otishida qanday omillar muhim rol o‘ynadi?

Islom dinining yurtlariga kirib kelishini indoneziyaliklar “Vali Sango” (To‘qqiz avliyo) nomli jamiyatning faoliyati bilan bog‘lashadi. Shu o‘rinda buning biz faxrlanadigan bir muhim jihatini ta’kidlash lozim. Gap shundaki, ushbu jamiyatning asoschisi Mavlono Malik Ibrohim Samarqandiydir. Indoneziyalik tadqiqotchilarning fikricha, u Yava oroliga 1404 yilda Samarqanddan kelgan. Malik Ibrohim tashkil etgan “Vali Sango” jamiyatining to‘qqiz a’zosidan besh nafari Ibrohim Samarqandiyning, qolgan uch nafari uning ukasi Mavlono Ishoqning avlodlari va to‘qqizinchisi qarindoshlaridan biri bo‘lgan. 

Ma’lumotlarga qaraganda, ushbu aka-ukaning otasi Shayx Burhoniddin Sog‘arjiy avlodlaridan bo‘lgan Shayx Jo‘madul Kubro ikki o‘g‘li bilan Yava oroliga kelib qo‘nim topgan. Ko‘p o‘tmay to‘ng‘ich o‘g‘li Mavlono Malik Ibrohim Champa qirolligi (hozirgi Vetnam)ga Islom dinini keng targ‘ib qilish uchun ketadi. U keyinchalik yana Indoneziyaga qaytadi va shu yerda faoliyatini davom ettiradi. Malik Ibrohim bu yerda “Vali Sango” (To‘qqiz avliyo) jamiyatiga asos soladi. Undan so‘ng avlodlari bu ishni davom ettirib, Sharqiy Osiyoda Islom dinining mustahkam o‘rin egallashida salmoqli ishlarni amalga oshiradi. 

Ta’kidlash lozimki, bugungacha ushbu qimmatli ma’lumotlar tarqoq, faqatgina indoneziyalik ba’zi tarxichilarning umumiy tadqiqotlarida uchrar edi. Tadqiqotchi olimlar Komilxon Kattayev va Gulnoza Kattayevaning izlanishlari natijasida yaqinda alloma va uning avlodlari haqidagi ma’lumotlar tadqiq etilgan va jamlangan risola chop etildi.

“Shayx as-Sog‘arjiy avlodlari va Ibrohim as-Samarqandiy tarixi” nomli ushbu ilk monografik risolada Shayx Burxoniddin Sog‘arjiy va u zotning avlodlari Sharq mamlakatlarida Islom dini va tasavvuf ta’limotini tarqatishdagi faoliyati bayon etilgan. Shuningdek, kitobdan Samarqand zaminining bizgacha yetib kelgan eng qadimiy obidalaridan biri - Ruhobod maqbarasi haqida qimmatli ma’lumotlar o‘rin olgan.

Sulaymon Mardiyev.