Registon maydoni qo‘lida kitob ko‘targan yoshlar bilan to‘lib-toshdi. Nega?

Ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab "Kitob va mutolaa haftaligi" o‘tkazilmoqda. Ma’rifatparvarlik ruhidagi ushbu haftalik doirasida viloyat axborot-kutubxona markazida kitob taqdimotlari, ko‘rgazmalar, tanlovlar, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar hamda turli mavzudagi viktorinalar tashkil etilyapti.
Ma’naviy targ‘ibotning yana bir yorqin namoyishi sifatida ko‘hna kentning Registon maydonida aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobga muhabbat va mutolaaga qiziqishni oshirish maqsadida “Fleshmob” tadbiri o‘tkazildi.
Ushbu tadbirda o‘quvchilar, talabalar, o‘qituvchilar hamda kitobsevar uyushmagan yoshlar faol ishtirok etdi. Qo‘llarida sevimli kitoblari bilan maydonga chiqqan yigit-qizlar kitobga bo‘lgan muhabbatini ifoda etib, tengdoshlarini mutolaaga chorladi.
Tadbir davomida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib etuvchi materiallar va kitoblar tarqatildi, shuningdek, “Mutolaa” platformasi haqida ma’lumot berildi.