Bojxona halol tadbirkorlik tarafdori

Keyingi yillarda davlat byudjetiga kelib tushayotgan bojxona to‘lovlari hajmi sezilarli darajada o‘sdi. Xususan, viloyat bojxona boshqarmasi 2025 yilda byudjetga tushumni rejadagi 3,67 trillion so‘m o‘rniga 3,85 trillion so‘m etib bajardi. O‘tgan yil bilan taqqoslanganda 458,7 milliard so‘m yoki 13,5 foizga oshdi.

O‘zbekistonda tadbirkorlarga imtiyozlar berish biznes rivojida muhim omil sifatida ko‘riladi. Bu borada 2025 yilda tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 2,98 trillion so‘mga yaqin imtiyoz va tarif preferensiyalari qo‘llanildi. Bojxona to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyoz 2024 yilga nisbatan 226 milliard so‘mga yoki 26,5 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash tartiblari soddalashtirildi. Buning natijasida o‘tgan yil 615,6 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini to‘lashda tadbirkorlar ushbu imkoniyatdan foydalandi.

2025 yilda viloyat bojxona boshqarmasida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan eksport 1200,1 million dollarni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 302,5 million AQSh dollariga yoki 33,7 foizga ko‘paygan.

Eksport tarkibidagi asosiy tovarlarni turlari bilan tahlil qilsak, meva-sabzavot - 433,7 million dollar yoki umumiy eksportning 36,1 foizini, metall va metall buyumlar – 170,6 million dollar yoki 14,2 foiz, transport va qismlari (samolyot 2 ta, 101 million dollar) - 149,9 million dollar yoki 12,5 foiz, oziq-ovqat - 140,6 million, to‘qimachilik mahsulotlari 108 million, tamaki mahsulotlari 89,5 million, tosh, keramika va shisha buyumlar 17,1 million, kimyo sanoati mahsulotlari 12,1 million, elektrotexnika va uning qismlari 11,7 million dollarni tashkil etgan.

Shu bilan birga importimiz 2709,8 million dollarni tashkil etdi.

Bizga asosan metall va metall buyumlar, texnologik asbob-uskunalar, transport va uning ehtiyot qismlari, farmatsevtika va tibbiyot buyumlari, plastmassa va rezina mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, yoqilg‘i-energetika va neft mahsulotlari, to‘qimachilik mahsulotlari, kimyo sanoati mahsulotlari keltirildi.

Import qilingan mahsulotlarimiz asosan Xitoy (29,9 foiz), Rossiya Federatsiyasi (26,8 foiz), Qozog‘iston (7 foiz) hamda Turkiya (5,8 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Samarqand aeroporti” chegara bojxona posti orqali harakatlangan yo‘lovchilar soni ham sezilarli oshdi. Masalan, 2024 yilda 1 million 361 ming 766 nafar yo‘lovchi qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilda yo‘lovchilar soni 150 ming nafarga (11 foiz) oshdi.

“Jartepa” chegara bojxona posti orqali harakatlangan avtotransport vositalari 2024 yilda 107 ming 983 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 136 ming 904 taga yetdi. Yo‘lovchilar harakati esa 2024 yilga nisbatan 142 ming 844 nafarga ko‘paygan.

Viloyat bojxonachilari tomonidan 2025 yilda aniqlangan 2044 ta huquqbuzarlik holatida jami 59 milliard 957,65 million so‘mlik tovar va transport vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. 1094 ta ma’muriy va 59 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq 54 holatda jami 80,6 kilogramm giyohvandlik moddasi, 19 holatda jami 9787 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi tabletkalar noqonuniy aylanmasi aniqlandi.

39 holatda 287,9 million so‘mlik 3273 litr alkogol mahsulotlari hamda 227 holatda 1,6 milliard so‘mdan ziyod 31 ming 970 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi ham to‘xtatib qoldi.

Valyuta qimmatliklari olib o‘tish bilan bog‘liq 76 holatda 2,6 milliard so‘m aniqlangan. Shuningdek, 91 holatda 12,7 milliard so‘mlik 30,8 kilogramm zargarlik buyumlari ushlab qolingan.

Bugungi kunda tadbirkorlar va jismoniy shaxslar iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasining qisqa 11-08 raqamli va viloyat bojxona boshqarmasining (66)-233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni” 24 soat davomida ishlashi yo‘lga qo‘yilgan.

2025 yilda viloyat bojxona boshqarmasiga jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqarolar tomonidan 160 ta murojaat kelib tushgan va ular belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan.

G‘ayrat Sattorov,

viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari.