Johilning fikri tilida bo‘ladi, chunki u o‘ylashdan oldin gapiradi
Bu ibora inson tafakkuri va mas’uliyati haqidagi eng aniq, eng o‘tkir haqiqatlardan birini ifoda etadi.
Aytilgan har bir so‘z — insonning ichki dunyosi, ma’naviy saviyasi va aqliy salohiyatining oynasidir. Shu bois so‘zlashdan oldin o‘ylash, sukutni tanlash — aql va zakovat belgisidir.
Samarqand shahridagi “Mahorat” nashriyoti (2025 yil)da tibbiyot fanlari doktori, professor Akbar Imomov qalamiga mansub “Tafakkur durdonalari” kitobining nashr etilishi ana shu ma’naviy ehtiyojga javob bo‘ldi. Mazkur asar asrlar mobaynida xalqimizning yuksak tafakkuri, hayotiy tajribasi va ma’naviy qudrati natijasida shakllangan so‘z gavharlarini o‘zida jamlagan nodir manba sifatida e’tiborga loyiq.
Qo‘lingizdagi to‘plamda 1500 dan ortiq xalq maqollari, pand-nasihatlar, o‘xshatmalar, iboralar va hikmatli fikrlar jamlangan. Ular insonni ezgulikka, halollikka, sabr-bardoshga, kechirimli bo‘lishga, har bir ishda o‘ylab qaror qabul qilishga undaydi. Muallif bu xazinani faqat yig‘ibgina qolmagan, balki har bir fikrga ijodiy yondashib, unga yangi ruh, yangi falsafiy mazmun bag‘ishlagan.
Asarda qisqa, lo‘nda jumlalar orqali hayotning keng qamrovli, murakkab haqiqatlari ifoda etilgan. Bu esa kitobning ta’sirchanligini yanada oshiradi. Har bir o‘quvchi ushbu so‘z durdonalari orqali o‘z hayotiga nazar tashlaydi, o‘zini anglaydi, xulosa chiqaradi. Masalan, "Atrofdagilarga kimligingni isbotlashga urinma. Kimligingni Alloh bilsa bas", "Gapirishdan oldin o‘ylab, sukut saqlab, so‘ng so‘zlaydigan inson aqlli odamdir", "Qalbi pok inson har qanday sharoitda ham atrofdagilarga go‘zallik ulashadi", "Insonni kamtarlik bezaydi", "Ko‘rish boshqa, anglash boshqa"...
“Tafakkur durdonalari” muallifning ikkinchi asari bo‘lib, uning birinchi kitobi 2022 yilda nashr etilgan va unda 1000 dan ortiq pand-nasihatlar o‘rin olgan edi. Yangi asarda esa mazmun va qamrov yanada kengaygan. Kitobda inson bilan Alloh o‘rtasidagi muhabbat, ilohiy kechirim, taqdir, sabr, rizq, inson qalbining pokligi kabi mavzular chuqur falsafiy ruhda yoritilgan.
Ayniqsa, o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan milliy qadriyatlar, oilaviy munosabatlar, do‘stlik, sadoqat, kamtarlik, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi nozik chegaralar kitobda keng o‘rin olgan: "Haqiqiy do‘st – sening yomon holatingda o‘zingni yaxshi his qilishinga yordam bergan insondir", "Odamlarning eng ahmog‘i - o‘zini eng aqlli hisoblaydiganidir", "Oilada munosabatlar yaxshi, barqaror bo‘lishi uchun er va xotin ko‘r, gung, soqov bo‘lishlari kerak", "Har bir inson mukammallikdan yiroqdir. Lekin u o‘zgalarning kamchiliklarini kechirishga, ko‘rmaslikka
tayyor emas", "Bugun vaqting bo‘lmaydi. Ertaga kuching bo‘lmaydi. Indinga o‘zimiz bo‘lmasligimiz mumkin. Xulosa: bugungi ishni ertaga qoldirma".
Bu fikrlar o‘quvchini nafaqat o‘ylantiradi, balki ma’naviy jihatdan tarbiyalaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu kitob barcha yoshdagi kitobxonlar uchun tafakkurni charxlaydigan, ma’naviy-ma’rifiy ozuqa beradigan, hayotga boshqacha nazar bilan qarashga undaydigan qimmatli manba hisoblanadi.
Kitobdan keltirilgan namunaviy iboralar esa muallif qalamining o‘tkirligi, fikrning chuqurligi va xalq donoligidan qanchalik mahorat bilan foydalanganini yaqqol ko‘rsatadi. Ular hayot qonunlarini sodda, ammo ta’sirli tarzda ochib beradi.