Bu millatni bukib bo‘lmas
Tuprog‘ini o‘pib o‘sgan qalqon el bu,
Ulug‘ yo‘lda ketayotgan karvon el bu,
Jo‘mard el bu, vazmin el bu, polvon el bu,
Boshda do‘ppi, belbog‘ini yechmas O‘zbek.
Jondan kechar, lek Vatandan kechmas O‘zbek!
Kim dunyosin tor bilar, kim keng biladi,
Kim kamiga mutelikni yeng biladi?
Qay sher o‘zin tulkilarga teng biladi?
Sher makon bu, sha’niga dog‘ to‘kib bo‘lmas,
Sher yurakli bu millatni bukib bo‘lmas!
Oqilligi bobosidan meros qolgan,
Hurmat qolgan, iymon qolgan, ixlos qolgan,
Pirlarining qo‘lin olgan, duo olgan,
Ajdodiga tosh otib yo tegib bo‘lmas,
Ixlosi but bu millatni egib bo‘lmas.
Ne olg‘irlar kelib ketdi, o‘zi bilar,
Tuzlig‘iga tupurganni tuzi bilar,
Unga erkni o‘rgatmangiz, o‘zi bilar!
Gul bag‘riga tikanakni ekib bo‘lmas,
Gul yurakli bu millatni yengib bo‘lmas!
Kimdir chetdan bu yurtga to‘n bichmoq bo‘lar,
Qizlaridan or ko‘ylagin yechmoq bo‘lar,
Sharbat tutgan qo‘ldan kim qon ichmoq bo‘lar?
Andishani qo‘rqoqlikka mengib bo‘lmas,
Or-nomusli bu millatni yengib bo‘lmas!
O‘taversin farang, ingliz, olmoni ham,
O‘zi bilan yaxshisi ham, yomoni ham,
Oltin bo‘lsa gar dunyoning to‘rt yoni ham,
O‘z Vataning bir gardiga tengib bo‘lmas,
O‘ziga bek bu millatni yengib bo‘lmas!
Shahlo AHROROVA,
shoira.