Iqtisodiy salohiyatning asosiy ko‘rsatkichi
Mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish, eksport hajmini oshirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish hudud iqtisodiy rivojining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
- Shu ma’noda joriy yilning birinchi yarmida 497,1 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foiz o‘sishga erishildi, - deydi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov. - Bundan tashqari, eksport tarkibini diversifikatsiya qilish maqsadida 87 ta yangi korxona tashqi bozorlarga jalb etildi. Jomboy tumanidagi “Iqbol Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Afg‘onistonga 1,2 million dollarlik un mahsulotlari eksport qilgani ana shunday samarali natijalardan biridir.
Bugungi global bozor sharoitida mahsulot sifati va xalqaro standartlarga muvofiqlik eksport muvaffaqiyatining asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda viloyatda korxonalarni xalqaro standartlarga moslashtirish va sertifikatlash ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Hisobot davrida 40 ta korxona xalqaro standartlar asosida tayyorlanib, ularga 81 ta sertifikat, jumladan ISO 9001, CE, OEKO-TEX kabi xalqaro sertifikatlar olishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, korxonalarimizning nufuzli xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishi eksport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim omilga aylanmoqda. Jumladan, viloyatning 37 ta korxonasi Germaniyadagi Heimtextil, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Gulfood, Rossiyadagi RosBuild kabi xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashdi. Natijada Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Bangladesh kabi yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlari yaratildi.
O‘tgan olti oyda GSP+ tizimi doirasida Yevropa bozoriga 17 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Umuman, Yevropa yo‘nalishidagi eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 113 foizga o‘sdi.
Eksport bozorlari esa Rossiya, Xitoy, Afg‘oniston, qo‘shni davlatlar va Yevropa mamlakatlari hisobiga tobora kengayib bormoqda.
Eng muhimi, bu jarayonlar aholi uchun yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar va hudud uchun barqaror iqtisodiy o‘sish istiqbollarini yaratmoqda. Pirovardida Samarqand nafaqat tarixiy va madaniy markaz, balki investitsiya uchun jozibador, eksport salohiyati yuqori va zamonaviy iqtisodiyotga ega hudud sifatida yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda.