Ishsizlik nafaqasi kimlarga va qancha miqdorda tayinlanadi? Rahbarlar o‘zaro tajriba almashdi
Narpay tumanida yil boshidan buyon aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga 2852 nafar fuqaro ish so‘rab murojaat qilgan. Ularning 1688 nafari ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 841 nafari jamoat ishiga jalb qilingan, 66 nafariga subsidiya ajratilgan, 577 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.
Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazida bo‘lib o‘tgan seminarda shu haqda gapirildi.
Ushbu markaz rahbari Erkin Toshbotirovga ko‘ra, bugungi kunda tumanda 313 ta bo‘sh ish o‘rni bor. Markazlarga murojaat qilganlarga, avvalo ish taklif qilinadi. Agar murojaatchining mutaxassisligiga oid ish bo‘lmasa, kasb o‘rganishga yo‘naltiriladi. Murojaatchi kasbga o‘qishni istamasa, jamoat ishlariga jalb etiladi.
- Biz uchala holatda ham fuqaroga yordam berolmasak, unga ishsizlik nafaqasi tayinlaymiz, - deydi E.Toshbotirov. - Ishsizlik nafaqasi 560 mingdan 747 ming so‘mgacha bo‘lib, ishsiz fuqaroga 6 oygacha tayinlanadi. Olti oygacha u ishga joylashsa, ishsizlik nafaqasi to‘xtatiladi. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish markazlarida tahsil olayotgan fuqarolarning ishsizlik maqomi berilganlariga nafaqa puli to‘xtatilib, stipendiya beriladi. Boshqa holatlar uchun, masalan, "Ayollar", "Yoshlar", "Temir" daftarda turganlarga stipendiya berilmaydi.
Seminarda viloyat bandlik bosh boshqarmasi bo‘lim boshliqlari, tumanlarning aholi bandligiga ko‘maklashish markazi rahbarlari ishtirok etdi va sohadagi kamchiliklar, muammolar o‘rtaga tashlandi. Soha mutaxassislari tomonidan muammolarning yechimiga takliflar berildi. Masalan, yosh onalarga bola uchun nafaqa tayinlashda ishsiz, degan ma’lumotnoma kerak ekan. Har bir yosh ona ishsiz deb bazaga kiritilsa, ishsizlik darajasi oshib ketar ekan. Shu kabi nozik va ayni paytda yechimini kutayotgan muammolar muhokama etildi.
Seminar so‘ngida tumanda joriy yilning mart oyida kooperativ asosida ish boshlagan tikuv sexi faoliyati bilan tanishtirildi.
- Bir kunda 45-50 ming so‘m pul topaman, - dedi sex tikuvchisi Latofat Salimova. - Uch nafar farzandim bor, ishimdan mamnunman. Ishimiz ertalab soat 9:00 dan kechki 17:00 gacha. Bizdan keyin kechki smena qizlari kelib ishlaydi. Buyurtmalarimiz rosa ko‘p. Ayni vaqtda qishki kurtkalar tikyapmiz.
Bugun Narpayda 96 690 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 9 983 nafari ishsiz fuqarolardir.
Xurshida Ernazarova.