Samarqandda 90 ming nafar ishsiz bor

Ushbu raqam viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarma tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida keltirib o‘tildi.

Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Bekzod Saidov 2024 yilda amalga oshirilgan hamda sohada korrupsion jinoyatlarning oldini olish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganishicha, hozir viloyatimizda 4227 ming nafar aholi istiqomat qilib, ularning 2189,5 ming nafari mehnat resursi hisoblanadi. Shundan ish bilan band bo‘lganlar 1520,1 ming nafarni tashkil etmoqda.

Xususan, rasmiy sektorda 579,1 ming nafar, norasmiy sektorda 662,9 ming nafar hamda xorijga ishlash uchun ketganlar 153,7 ming nafarga teng. Ishsizlar 90,8 ming nafar bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,6 foizni tashkil etadi. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 5,2 foizga tushirish rejalashtirilgan.

— Joriy yil hisobidan tashkilotimiz 37768 nafar fuqaroning ishga joylashishiga ko‘maklashdi, - deydi Bekzod Saidov. – Shuningdek, 4500 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb qilindi. Ayni vaqtda viloyatdagi 11942 ta korxona va tashkilotda 26501 ta bo‘sh ish o‘rini mavjud. Shundan 4816 tasi davlat tashkilotida bo‘lsa, 21685 tasi xususiy sektor korxonalarida. Yaqingacha davlat va xususiy sektor tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari soni deyarli teng bo‘lardi. So‘ngggshi vaqtlarda xususiy sektorning aholi bandligini ta’minlashdagi ulushi oshib bormoqda.

Tadbirda mas’ullar jurnalistlarning fuqarolar murojaati bilan ishlash, bo‘sh ish o‘rinlari xaqida ma’lumot olish, norasmiy mehnat va korrupsion holatlarga chek qo‘yish borasidagi savollariga ham javob berdi.

Boshqarmaning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Ilyos Yetkirovga ko‘ra, o‘tgan vaqtda boshqarmaning aholiga xizmat ko‘rsatish sohasidagi tuzilmalarida 20 dan ortiq o‘rganish, monitoring va nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 28 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Shundan 9 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, xavfni tahlil qilish asosida 9 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, o‘rganish yakuniga ko‘ra 7 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilib, 2 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.