"Birgina noutbuk bilan oyiga 10 million so‘m daromad topyapman"

Bu haqiqat. Nurobodlik yigit Shahzod O‘rinboyevga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan noutbuk sovg‘a qilingan edi. Shahzod undan samarali foydalanayotgani uchun kuniga o‘rtacha 300-350 ming so‘m topyapti.

- Nurobod sanoat kasb-hunar kollejini tugatib, na oliy o‘quv yurtiga kira oldim, na bir ishga joylasha oldim, - deydi u. – To‘g‘risi, 3 yil kollejda o‘qib, qaysidir bir hunar egasi bo‘la olmadim. Oldinda ko‘p sinovlar kutayotgandi. Uylanish, uy-joy qurish, ro‘zg‘or tebratish. O‘sha paytda u-bu joyda qora mehnat qilib, uyga choychaqa olib kelardim, ammo topgan pulim o‘zimning ehtiyojlarimga zo‘rg‘a yetardi.

Shahzod ana shunday muqim ish topolmay, qiynalib yurgan paytda mahalla yoshlar yetakchisi uni “KOICA” - Samarqand kasb-hunarga o‘qitish markazida ta’lim olishga taklif qildi.

- Shu markazda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi bo‘yicha 6 oylik kursni tugatib qaytdim, - deydi Sh.O‘rinboyev. – Hunar o‘rganib qaytganimdan so‘ng, noutbukka ehtiyoj sezdim. Yana mahalla yoshlar yetakchisi jonimga oro kirdi. Uning tavsiyasi bilan menga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan subsidiya asosida noutbuk berildi. Bugungi kunda avtomobillarga kompyuter diagnostikasi xizmatini ko‘rsatib kelyapman. Meni o‘ylantirayotgan masalalar ortda qoldi. Asta-sekin uy qurish, to‘y qilish, shaxsiy avtomashina sotib olish uchun imkoniyatlar yaratilyapti.

Kollejni tamomlab, 6 yil qiynalgan yigit 6 oy ichida ham hunarli, ham ishli bo‘ldi.

To‘lqin SIDDIQOV.

Baxtiyor MUSTANOV.