Ishtixondagi korxonaning ish boshlashi nega ortga surilgan edi?
Ishtixon tumani Qora qo‘yli mahallasida yashovchi Nargiza Ahmedova 10 yildan beri qandolatchilik mahsulotlari tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan boshlagan bu ishbilarmon opani bir muammo qiynardi.
Ya’ni tayyorlayotgan shirinliklarni qadoqlash uchun qog‘oz qutilarni boshqa hududlardan sotib olib kelardi. Orzusi esa oilaviy korxona tashkil etib, shu muammoga yechim topish edi. U o‘tgan yili kuzda ishga kirishdi. Kerakli hujjatlar va joy masalasi hal etildi, ammo bu korxonani ishga tushirish uchun 800 million so‘mlik uskunalar keltirilishi zarur edi.
Korxona ishchi-xodimlari Xitoydan keltirilgan mana bu uskunalar yordamida qog‘oz qutilar tayyorlab, Ishtixon va unga qo‘shni bo‘lgan tumanlar, shuningdek, Samarqand shahridagi ayrim qandolatchilik sexlariga yetkazib beryapti.
Tadbirkorning 600 million so‘mga yaqin o‘z mablag‘i bor edi, yana 200 million so‘mdan ziyodroq pul topishning o‘zi bo‘lmasdi. Foizi yuqoriligi uchun bankdan kredit olishga cho‘chidi. Ammo...
- Shu yil boshida meni o‘ylantirayotgan masalaga yechim topilganday bo‘ldi, - deydi u. – Mahallamizda ish boshlagan hokim yordamchisi Rustam Samandarov bir kuni meni uyimga izlab keldi va qiynayotgan muammolar haqida so‘radi. Ko‘proq miqdorda pul zarurligini aytdim. U bankdan 3 yil muddatga imtiyozli kredit chiqarishda ko‘maklashishga va’da berdi. Hujjatlarni tayyorlaganimdan so‘ng, bir hafta ichida 225 million so‘mlik imtiyozli kredit olishga erishdim. Shu mablag‘ tufayli 6 oydan beri to‘xtab turgan ishlarimiz yurishib ketdi. Korxonaga Xitoyda ishlab chiqarilgan uskunalarni keltirishga kirishdik. Mana uch oydirki, avvalo o‘zimiz tayyorlayotgan qandolatchilik mahsulotlar uchun, qolaversa, tumanimiz, hatto qo‘shni tumanlardagi sexlar uchun ham qog‘oz qutilar yetkazib beryapmiz.
Korxona ishga tushib, 7 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Ahamiyatlisi, ularning barchasi ijtimoiy daftarlarda turadigan yigit-qizlardir. Shuningdek, korxonaga uch nafar mutaxassis taklif qilingan. Bu yerda faoliyat olib borayotgan yoshlar ularga shogirdlikka tushgan.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV