Islom dinida ayollarning o‘rni talqiniga yangicha yondashuv
13 avgust kuni Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida AQShning Stenford universiteti ma’ruzachisi bo‘lgan yosh vatandoshimiz – dinshunoslik va O‘rta Osiyo tarixi fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori Aziza Shonazarova ishtirokida seminar-trening bo‘lib o‘tadi.
Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Yosh olimlar kengashi bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan seminar-treningda dunyoda eng keng tarqalgan dinlardan biri bo‘lgan Islomda ayollarning tarixiy o‘rni, ayollar to‘g‘risidagi oyatlar va ularning talqinlari, hadislarda bayon etilgan ayollarning jamiyatdagi roliga oid masalalar haqida fikr yuritiladi.
Aziza Shonazarovaning “Islom dinida ayollarning o‘rni olimalar nigohida" mavzuidagi ma’ruzasi tinglanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, Stenford universiteti AQSh innovatsion oliy maktablar reytingining birinchi pog‘onasida turadi.