Islom - tinchlik, ezgulik dini, unda terrorizmga o‘rin yo‘q

Bugun ayrim yurtdoshlarimiz xorijga ishlagani ketmoqda. Ular orasida xorijdan mo‘may daromad bilan qaytayotganlari ham yo‘q emas. Ammo ba’zi yoshlarimizning mahalla, oilasi va yaqinlari nazoratidan tashqarida qolishgach, turli diniy oqimlar ta’siriga tushib qolayotgani ham bor gap. Shu bois aholi o‘rtasida profilaktik targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazilib, ularning huquqiy bilim va savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Samarqand harbiy gopitalida tashkil etildi. Dastlab unda islom dinining asl mohiyati yoritib berilgan “Islom: mohiyat va talqin” videofilmi namoyish etildi.

- Dunyo hamjamiyatida global muammoga aylanib ulgurgan terrorizm, ekstremizm xavfi afsuski yurtimizda ham tobora ortib bormoqda - deydi Samarqand harbiy gospitali boshlig‘i, tibbiy xizmat podpolkovnigi Axrorjon Ismoilov. – Jumladan, diniy ekstremizm va terrorizm o‘choqlari hisoblangan Suriya va Iroq davlatlarida yuz berayotgan ayanchli voqealar, noxush holatlar chet elga ishlash uchun borib, bilib-bilmay har xil oqimlar ta’siriga tushib qolayotgan ayrim vatandoshlarimizni ham chetlab o‘tmayapti. Shuning uchun ayrim tahdidlar keskinlashayotgan bir paytda aholi va yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish asosiy vazifalarimizdan biridir.

Bahriddin XONKELDIYEV.