Isroilda 19 sentyabrdan ommaviy karantin joriy etiladi

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat bo‘ylab uch haftalik ommaviy karantin joriy etilishi to‘g‘risida ma’lum qildi.

Lokdaun (qat’iy karantin) 19 sentyabr sanasidan e’tiboran amal qilishni boshlaydi.

“Bugun hukumat yig‘ilishida yana o‘zaytirish ehtimoli bilan yaqin uch hafta davomida, Simxat Tora bayramiga qadar (9–10 oktyabr) karantinga yopilish qarorini qabul qildik”, dedi Netanyaxu.

10 sentyabr kuni Isroilning Koronavirusga qarshi kurash olib borish komissiyasi 18 sentyabrdan boshlanadigan umumxalq bayramlari vaqtida umumiy lokdaun joriy etish taklifini kiritgan edi.

Taklifga binoan zaruriy ishlab chiqarish faoliyatidan tashqari barcha soha faoliyati to‘xtatiladi. Jumladan, fuqarolar harakatlanishi cheklanadi, ta’lim muassasalari, restoran, kafe, idora va ofislar yopiladi.

Isroilda so‘nggi bir necha kun davomida COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanganlar soni oshib bormoqda. Mamlakatda may oyida kasallanish ko‘rsatkichi minimal darajaga tushgan edi. Biroq yoz oylarida vaziyat yana jiddiy tus oldi. Ayni vaqtda Isroilda koronavirusning ikkinchi to‘lqini avj olgan.