“Iste’dod egalari” respublika ko‘rik-tanlovi ilk marta Samarqandda o‘tkazildi

24-25 sentyabr kunlari Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi hamda 5 ta muhim tashabbus doirasida Samarqand shahridagi Konsert zalida, “Nurafshon” madaniyat markazida, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda “Pushkin nomidagi viloyat axborot resurs markazi"da imkoniyati cheklangan o‘quvchi-yoshlarning iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Iste’dod egalari” respublika ko‘rik-tanlovi ilk bor o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 50 nafarga yaqin yoshlar estrada, an’anaviy va opera xonandaligi, cholg‘u ijrochiligi, tasviriy va amaliy san’at, dizayn va adabiyot yo‘nalishlarida mahoratini ko‘rsatdi.

- Tanlovning "Eng yaxshi haykaltarosh" nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldim, -  deydi samarqandlik Shahboz Rajabov. – Ushbu yutuq nafaqat meniki, balki ustozlarimniki ham. Ularning sa’y-harakati va mehnatlari bilan yutuqlarga erishyapmiz. Shuningdek, biz kabi yoshlarga berilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar shijoatimizni oshirib, yuksak marralar sari undamoqda.

Ko‘rik-tanlovda 8 nafar yosh respublika g‘olibligini qo‘lga kiritdi va tadbir so‘nggida “Nurafshon” madaniyat markazida gala-konsert tashkil qilindi. Ishtirokchi va g‘oliblarga Madaniyat vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.